Janubiy Ural davlat universiteti muhandislari oziq-ovqat narxlari oshib borayotgan sharoitda oqsilli undan foydalanish yo‘lini ko‘rsatmoqda.
Rossiyalik olimlar oziq-ovqat inflyasiyasi ortib borayotgan bir paytda aholi rasionini boyitish maqsadida chigirtka unli non yetish usulini ilgari surishdi. Janubiy Ural davlat universiteti mutaxassislari tayyorlagan reseptga ko‘ra, oddiy bug‘doy uniga uvalangan chigirtka qo‘shilgan holda maxsus un hosil qilinadi.
Tadqiqot rahbari, professor Abduvali Toshev ma’lum qilishicha, chigirtka un tarkibining taxminan 60 foizi oqsillardan iborat bo‘lib, bu ko‘rsatkich oddiy bug‘doy ununikidan ancha yuqori. Shu bilan birga, ushbu unning eruvchanlik indeksi uch barobar, emulsiya hosil qilish faolligi 55 foizdan ziyod, ko‘pik hosil qilish qobiliyati esa bug‘doy unnikidan to‘rt barobar yuqori.
Toshevning aytishicha, hatto kam miqdordagi chigirtka xomashyosi ham non mahsulotlarining mazasi va foydali xususiyatlarini oshiradi. Shuningdek, yangi turdagi non tarkibiga suv o‘tlari (spirulina) va qo‘ziqorinlardan tayyorlangan un qo‘shilishi ham mumkin. Unga ko‘ra, 5–15 foiz chigirtka uni, 2–6 foiz suv o‘tlari va 10–20 foiz qo‘ziqorin qo‘shilgan mahsulotlar «optimal» ta’mga ega bo‘ladi.
Rosstat ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil may oyi yakunigacha Rossiyada non narxi o‘rtacha 15 foizga oshgan. Bu oziq-ovqat inflyasiyasi fonida sodir bo‘lmoqda, 2024 yil yakunida ushbu inflyasiya so‘nggi to‘qqiz yillikdagi eng yuqori daraja — 11,05 foizni tashkil etgan.