Merilend universiteti olimlari ikkinchi qon guruhiga (A) ega odamlarda 60 yoshga qadar insultni boshdan kechirish xavfi yuqori ekanini aniqladi. Bu haqda ScienceAlert xabar bermoqda.
Ushbu sohadagi tadqiqotlar 2022 yilda boshlangan. O‘shanda olimlar A1 kichik guruhi va yoshroq odamlarda insult xavfining yuqori bo‘lishi o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqlagandi.
Olimlar 17 ming insultga chalingan bemor va taxminan 600 ming sog‘lom insonlarni qamrab olgan 48 ta genetik tadqiqot natijalarini tahlil qildi. Tadqiqot ishtirokchilarining yoshi 18 yoshdan 59 yoshgacha bo‘lgan.
So‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ikkinchi qon guruhidagi odamlarda insult ehtimoli boshqa qon guruhlari egalariga qaraganda 16 foizga yuqori. Aksincha, birinchi qon guruhiga ega bo‘lgan odamlarda xavf 12 foizga past bo‘lgan.
Shu bilan birga, katta yoshdagi ikkinchi qon guruhli odamlarda insult xavfi sezilarli emasligi aniqlandi. Bu esa yoshlarda kasallikning rivojlanish mexanizmlari boshqacharoq bo‘lishi mumkinligini anglatadi.
Tadqiqot rahbari Stiven Kittnerning ta’kidlashicha, xavfning aniq sabablari hali noma’lum. Uning taxminicha, bu qon ivishining o‘ziga xos xususiyatlari, trombositlar yoki tromblar hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi oqsillar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Aniq ma’lumotlarni olish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar talab etiladi.