Rossiyada OIV bilan kasallangan bemorga birinchi muvaffaqiyatli yurak transplantasiyasi operasiyasi Sankt-Peterburgda amalga oshirildi. Bu haqda dushanba kuni OITS va yuqumli kasalliklar markazi bosh shifokori Tatyana Vinogradova xabar berdi, deb xabar beradi Xinhua.
Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida u mamlakatda birinchi yurak transplantasiyasi ikki oy oldin OIV bilan kasallangan bemorga amalga oshirilganini ta’kidladi. Bemor hozirda palatada va operasiya natijalari ancha muvaffaqiyatli bo‘ldi.
T. Vinogradovaning so‘zlariga ko‘ra, OIV bilan kasallangan bemorlar istalgan tibbiyot muassasasida yordam olish huquqiga ega va antiretrovirus terapiya ularga hayot sifati va davomiyligini oshirish imkonini beradi.
Sankt-Peterburg OITS va yuqumli kasalliklar markazining Telegram-kanali xabar berishicha, bemorga 1,5 yil oldin sun’iy chap qorincha o‘rnatilgan va yurak yetishmovchiligining kuchayishi tufayli yurak transplantasiyasiga muhtoj bo‘lgan. Operasiya V.A. Almazov nomidagi Milliy tibbiy tadqiqot markazida 12 soatdan ortiq vaqt davomida o‘tkazildi. Transplantasiya muolajasi standart tarzda amalga oshirildi va muvaffaqiyatli yakunlandi.
Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni 1 dekabrda nishonlanadi. Bu sana Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 1988 yilda tasdiqlangan.