Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 25 dekabr kuni Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyaning navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Tadbirda Milliy va hududiy komissiya a’zolari, mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda respublikamizda odam savdosi va munosib mehnat masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamkorlik doirasida erishilgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi.

O‘tgan davr mobaynida sohaga oid milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish, xalqaro normalarni amaliyotga keng tatbiq etish borasidagi ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish, aholini zamonaviy kasblarga o‘qitish, yuqori daromadli barqaror ish bilan ta’minlash, mehnat uchun munosib haq to‘lash, tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqqanligi ta’kidlandi.

Mazkur farmonning mantiqiy davomi sifatida Prezidentimizning “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, Davlat mehnat inspeksiyasi vakolatlari kengaytirildi.

Endilikda mehnat inspektorlari mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi yuzasidan tekshiruvlarni hech bir to‘siqlarsiz o‘tkazish vakolatiga ega bo‘ldi.

O‘z o‘rnida ushbu vakolatlardan samarali foydalanish korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qonunchiligi talablari buzilishini kamaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalarini ratifikasiya qilish ishlari davom ettirildi. Xususan, Xalqaro mehnat tashkilotining 5 ta konvensiyasi ratifikasiya qilindi.

Odam savdosiga oid jinoyatlar uchun javobgarlik choralarini kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi va odam savdosiga oid jinoyatlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish bo‘yicha qonun Senat tomonidan ma’qullanganligi qayd etildi.

Sohada yangi loyihalarni amalga oshirish, xalqaro reytinglarda O‘zbekistonning pozisiyasini yanada mustahkamlash maqsadida Milliy komissiya tomonidan tasdiqlangan “yo‘l xaritalari” ijrosini ta’minlash borasida qator natijalarga erishilganligi qayd etildi.

Majlisda ijobiy natijalar bilan birga, sohadagi kamchilik va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va kelgusidagi vazifalar yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Ijtimoiy mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama komissiya, tegishli vazirlik va idoralar hamda hududlar rahbarlarining axboroti eshitildi.

Shu bilan birga, majlisda kelgusidagi vazifalar belgilandi. Mamlakatimizda munosib mehnat tamoyillarini keng tatbiq etish, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta’minlash, odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishi zarur ekanligi ta’kidlandi.

Har bir yo‘nalish bo‘yicha chuqur tahlillar hamda ilg‘or xorijiy va xalqaro tajriba asosida 2025 yil uchun choralarni belgilash, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasida munosib mehnat bo‘yicha 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi doirasida belgilangan vazifalarning bajarilishini tahlil qilgan holda 2026-2030 yillarga mo‘ljallangan mamlakat dasturi loyihasini ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

Kiritildi: 20:14 25.12.2024. O'qildi: 427 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!