Qo‘shma Shtatlar hukumati Nvidia bosh direktori Jensen Xuang Xitoy Davlat xavfsizligi vazirligi tomonidan yollangan ayol bilan ishqiy munosabatlarda bo‘lgan deb hisoblaydi. Gap Nvidia mahsulotlarini sotib oluvchi Singapurning Megaspeed kompaniyasi top-menejeri Elis Xuang haqida bormoqda.
Amerika razvedkasi ma’lumotlari asosidagi memorandum mulozimlar tomonidan joriy yilda tayyorlangan. Hujjat AQSh mrezidenti Donald Trampning Xitoy raisi Si Jinpin bilan sammit uchun Pekinga tashrifidan sal oldin Oq uy ma’muriyatining tor doiradagi yuqori martabali vakillariga topshirilgan. Avvalroq Nvidia kompaniyasi Jensen Xuang har yili minglab mijoz-firmalar rahbarlari bilan uchrashishini ma’lum qilgandi.
2023 yilda Xitoy o‘yin kompaniyasidan ajralib chiqqan Megaspeed AQSh hokimiyati eksport cheklovlarini aylanib o‘tib, Nvidia'ning ilg‘or chiplarini Xitoyga kontrabanda qilishda gumonlamoqda. Nvidia'ning ichki tekshiruvi esa hech qanday huquqbuzarlikni aniqlamagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, milliy xavfsizlik uchun mas’ul bo‘lgan mmerikalik mulozimlari Xuangdan norozi, chunki u joriy yilda Trampni Xitoy mijozlariga H200 sun’iy intellekt chiplarini sotishga shaxsan ko‘ndirgan.
Joriy yilning 29 oktyabr kuni The New York Times nashri AQSh razvedkasi xulosalariga tayanib, Elis Xuang Pekinga ma’lumot uzatgani va Nvidia rahbari Xitoy josuslik operasiyasining nishoniga aylangani haqida xabar bergan. Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Trampga bu haqda taxminan bir yil oldin axborot berilgan, ammo u hech qanday chora ko‘rmagan. Nvidia Xuangning Megaspeed vakili bilan aloqalarini odatiy biznes amaliyoti, Xitoy TIV esa “asossiz uydirmalar” deb atagan.