Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonligi tashabbusi bilan shu yilning 19 oktyabr kuni nukuslik o‘quvchi yoshlar o‘rtasida harbiylashgan sport musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ushbu musobaqa yoshlarga e’tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini shakllantirish, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash masalalariga qaratib O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish maqsadida o‘tkaziladi.
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondonining kubogi uchun tashkil etilayotgan “Yosh vatanparvarlar” harbiy sport estafetasida Nukus shahridagi 10 ta maktabning yuqori sinf o‘quvchilari ishtirok etishi belgilangan. Musobaqada bitta jamoadan 3 nafardan o‘g‘il va qiz bolalar qatnashadi.
Bellashuv Nukus garnizonidagi mini-poligonida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa shartiga ko‘ra ishtirokchilar razvedkachilarning to‘siqli yo‘lagidan o‘tishi, BTR-80da me’yor bajarishi, avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ishi hamda o‘qdonni o‘q dorilar bilan to‘ldirishi, granata uloqtirishi, merganlik mahoratini sinovdan o‘tkazishi, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya vositalarini kiyishi belgilangan. Shuningdek, ishtirokchi qizlar shartli yaradorga tibbiy yordam ko‘rsatishi va radioaloqani ishga hozirlashi zarur.
Barcha me’yorlarni bajarishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi ta’minlanadi.
G‘olib va sovrindor jamoalar okrug qo‘shinlari qo‘mondonining maxsus sovg‘a va kuboglari bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, harbiy sport estafeta doirasidan harbiy xizmatchilarning ko‘rgazmali chiqishi, qurol-aslaha va harbiy texnika namoyishi hamda konsert dasturi o‘rin olgan.