Bu hayotda odamzotning afsus-nadomat ichida yashamasligi nafaqat uning niyati, xulqiga, balki nafs amriga quloq tutmasligiga bog‘liq. Inson qachon nafsiga bo‘ysunadi? Vijdon yuziga parda tortilganida, insofu- diyonatdan, iymondan yiroqlashganida...
Sud zalida 3 nafar mahkum, boshi egik, aybiga iqror, pushaymon...
X.Xolikov, “Galvanik technology systems” MCHJda ishchi vazifasida ishlab kelib, ushbu jamiyatga tegishli “Nikel plastinkalar”ni yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, mazkur jamiyatda ishchi vazifasida ishlovchi O.Ozodov bilan oldindan jinoiy til biriktirib, MCHJning Yashnobod tumanida joylashgan omboriga kechki vaqtda vintilyasiya quviri orqali g‘ayriqonuniy ravishda kirib, ombordagi jami 500 kg. nikel plastinkalarini tashqariga olib chiqqunga qadar bo‘sh paddonlarga yashirib, bo‘sh paddonlarni ushbu jamiyatga kirib-chiqishga ruxsat etilgan “AVR” MCHJda haydovchi A.Xayitov bilan oldindan kelishgan rejaga asosan, uning boshqaruvidagi “Isuzu” rusumli yuk mashinasiga yuklab, MCHJ hududidan tashqariga olib chiqib, sotib yuborishgan va pullarni uchga bo‘lishib, o‘zlarining ehtiyojlariga ishlatishgan.
Har qanday jinoiy qilmishning poyoni bo‘ladi. Bu gal ham xuddi shunday bo‘ldi. Sud, davlat ayblovchisining xulosasini, himoyachilar fikrini, sudlanuvchilarni, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlarini tinglab, jinoyat ishi hujjatlarini o‘rganib chiqib, X.Xolikov, O. Ozodov, A.Xayitovni jinoyat sodir etganlikdagi aybli deb topib qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan jazoni tayinladi.
Hayotning qat’iy qonuniyati bor: inson o‘z hayot yo‘lida noto‘g‘ri tashlangan har bir qadami, o‘z umrining har bir lahzasiga mas’uliyatsizlik bilan qarashi hech qachon izsiz va javobsiz qolmaydi.
Anvar Ikromov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi sudyasi