«Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ 2026 yilning birinchi yarim yilligi bo‘yicha moliyaviy natijalarini ochiqladi.
Kompaniya hisobotiga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida NKMKning sof tushumi 7 mlrd 67 mln dollarga yetgan. Bu 2025 yilning xuddi shu davrida qayd etilgan 4,7 mlrd dollarlik ko‘rsatkichdan 49,9 foiz yuqori.
Kombinat daromadlarining o‘sishi asosan jahon bozorida oltin narxining qimmatlashi bilan izohlangan. Xususan, London qimmatbaho metallar bozorida oltin kotirovkalari sezilarli ravishda ko‘tarilgan.
Shu bilan birga, NKMKda oltin ishlab chiqarish hajmi biroz qisqargan. 2026 yilning dastlabki olti oyida 1,51 mln troy unsiya oltin ishlab chiqarilgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 1,54 mln troy unsiyani tashkil etgan. Pasayish 1,8 foizga teng bo‘lgan.
Hisobotda oltin ishlab chiqarish tannarxi ham sezilarli oshgani qayd etilgan. Bir troy unsiya oltin uchun xarajat 1 647 dollarga yetgan. 2025 yilning birinchi yarim yilligida ushbu ko‘rsatkich 1 164 dollar bo‘lgan. Shu tariqa, tannarx qariyb 41,5 foizga oshgan.
Kompaniya bu o‘sishni bir nechta omil bilan bog‘lagan. Jumladan, oltin narxining yuqori bo‘lishi ortidan yer qa’ridan foydalanganlik uchun to‘lovlar — royalti hajmi ko‘paygan. Ushbu xarajatlar tannarxning 31 foizini tashkil etgan. Bundan tashqari, inflyasiya sarf materiallari narxiga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Tannarx oshishiga «Muruntov» konida amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari bo‘yicha xarajatlar ko‘paygani ham ta’sir qilgan.
Yana bir omil sifatida milliy valyuta kursi ko‘rsatilgan. Olti oy mobaynida o‘zbek so‘mi AQSh dollariga nisbatan 6,1 foizga mustahkamlangan. Kompaniya hisob-kitobiga ko‘ra, bu holat bir unsiya oltin ishlab chiqarish xarajatini 101 dollarga oshirgan va tannarxdagi umumiy o‘sishning 8,7 foiziga to‘g‘ri kelgan.
2026 yilning birinchi yarim yilligi yakunlariga ko‘ra, NKMKning sof foydasi 2 mlrd 382 mln dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57,2 foiz ko‘p.