Mahrning Nabiy sollallohu alayhi va sallam zamonlaridagi miqdori va uning hozirgi kunimizda va bugungi valyutada qanchaga to‘g‘ri kelishi haqida ko‘plab savollar beriladi va ba’zilar buni o‘zicha, bir tomonlama hisoblab, urf-odatlarimiz va iqtisodiy sharoitimizga to‘g‘ri kelmaydigan darajada katta miqdorda chiqarib qo‘yayotgan holatlar ham uchrab turadi.
Avvalo imom Hokim va Bayhaqiylar sahih sanad bilan rivoyat qilganlari hadisi sharifda mahrning eng xayrlisi eng yengili ekanligi aytilganini ta’kidlash zarur. Boshqa bir hadisi sharifda nikohning eng xayrlisi eng yengili ekanligi aytilgan. Bundan murod mahri erkak kishini qiynab qo‘ymaydigan darajada bo‘lgan nikohdir.
Yana bir hadisi sharifda shunday deyilgan: "Sovchiligi oson bo‘lishi, mahri yengil bo‘lishi va homiladorligi ham oson bo‘lib, farzand tug‘ishi ham oson bo‘lishi ayol kishining barakotli ekanligidandir” (Imom Ahmad rivoyati. Hasan hadis).
Demak, kuyov tomonni mashaqqatga solmaydigan darajada mahrning yengil bo‘lishi mazkur ayolning barakotli ekanligidan ekan.
Biroq, shunday bo‘lsa-da, mahrning eng ko‘p miqdori chegaralab qo‘yilmagan. Ehtimol ba’zilar o‘z imkoniyatiga qarab va o‘z xohishi bilan turmush o‘rtog‘iga juda katta miqdorda mahr berishni istar. Shunday holatda uni man qilish adolatdan bo‘lmasdi.
Ammo mahrni haddan tashqari oshirib yuborish va uni urfga aylantirish ham dinimizda ma’qullanmaydigan ishlar sirasiga kiradi. Chunki, bu holatda erkaklarning uylanib, qizlarning turmushga chiqishi juda qiyin bo‘lib ketadi. Boz ustiga, yuqorida keltirilgan hadisi shariflar ham mahr masalasida haddan oshish noto‘g‘ri ekanligiga dalolat qiladi.
Shu bilan birga, mahrning eng oz miqdori hanafiy mazhabida 10 dirham kumush tangadan iborat deb belgilangan. Albatta, fiqhiy kitoblarimizda buning aqliy va naqliy dalillari mavjud.
Shunday qilib, mahrning yuqori chegarasi belgilanmagan. Eng oz miqdori esa hanafiy mazhabiga ko‘ra 10 dirham kumush tangadan iborat bo‘lishi aytildi. Xo‘sh, asri saodatda qancha miqdorda mahr berilgan? Fiqhiy kitoblarimizda Nabiy sollallohu alayhi va sallam zamonlarida urfda bo‘lgan mahr miqdori to‘rt yuz dirhamni tashkil etganligi qayd etiladi. U zot qizlarining mahri shunday bo‘lgan. Ayollarining mahri esa 500 dirham bo‘lganligi hadislarda voriddir.
Boshqa hadislarda esa Nabiy sollallohu alayhi va sallam o‘z ayollari va qizlari uchun mahr tayinlashda 12 uqiyadan oshirmaganliklari tilga olinadi. Bir uqiya qirq dirhamga teng. Shunga ko‘ra, o‘n ikki uqiya 480 dirhamni tashkil etadi. Bir dirham kumush tanga esa 2.975, ya’ni qariyb 3 grammdan iborat bo‘lgan.
Umar ibn Xattob (raziyallohu anhu) aytadilar: "Ayollarning mahri masalasida haddingizdan oshib, chegaradan chiqib ketmangiz. Zero, u (ya’ni mahr yoxud uni oshirish) dunyoda bir fazilat, Alloh nazdida esa taqvo bo‘lganda edi, uni oshirishga Nabiy sollallohu alayhi va sallam ichingizda eng haqliroq bo‘lardilar. Vaholanki, u zot ayollardan birortasini yoxud qizlaridan birortasini o‘n ikki uqiyadan ko‘p pulga nikohlamaganlar" (Termiziy rivoyati).
Shu bois ham ko‘plab olimlar mahr berishda mazkur miqdordan oshirmaslik afzalligini ta’kidlaydilar. Bizning mazhabimizda esa mazkur miqdor 400 dirham sifatida belgilangan.
Endi 400 dirham kumush tanganing bugungi kun valyutasiga nisbatan necha pulni tashkil etishi haqida suhbatlashamiz.
Qadimda oldi-berdi munosabatlarida oltin va kumush tangalar muomalada bo‘lgan va ular dinor va dirham deb atalgan. Dinor bu oltin tanga, dirham esa kumush tanga.
Dirhamning dinorga nisbatan qiymati birga o‘n (1*10) bo‘lgan. Masalan, 20 dinor ikki yuz dirham bilan ayirboshlangan. Zakotning nisobi tillada 20 dinor bo‘lsa, kumushda 200 dirham bo‘lgan va hokazo. Bunda muomaladagi ikki xil pulning bir-biriga nisbatan qiymati e’tiborga olingan, ularning og‘irligi emas.
Lekin zamonlar o‘tishi bilan kumushning tillaga nisbatan qiymati pasayib borgan. Nabiy sollallohu alayhi va sallam davrlarida kumushning tillaga nisbatan qiymati birga o‘n bo‘lsa, ya’ni bir dinor tillo o‘n dirham kumushga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, hazrat Umar raziyallohu anhu davrlariga kelib birga o‘n ikki (1 dinor = 12 dirham) bo‘ldi. Abbosiylar davriga kelib, birga o‘n besh (1 dinor = 15 dirham) bo‘lib qoldi. Va nihoyat fotimiylar davriga kelib birga o‘ttiz to‘rtgacha tushib ketdi. Ya’ni bir dinor tillo tanga 34 dirham kumush tangaga teng bo‘lib qoldi.
Shunga ko‘ra, sunnatga muvofiq bo‘lgan mahrning bugungi valyutalardagi miqdorini ikki xil uslubda hisoblash mumkin. Biri Nabiy sollallohu alayhi va sallam zamonlaridek, birga o‘n qiymatda. Ya’ni, 400 dirham: 10 = 40dinor x 4.25 gramm = 170 gramm tilla. Demak, bunda undan oshirish mustahab hisoblanmaydigan mahr miqdori 170 gramm tillo miqdorida bo‘ladi.
Lekin, 170 gramm tillo qaysi tamg‘a (proba) bo‘yicha bo‘lishi maqsadga muvofiq, degan savol tug‘iladi. Gap shundaki, qadimdagi tillo dinorlar 22 karat tamg‘ali bo‘lgan. Metr tizimida bu 916 proba degani. Biroq, bugungi kunda ko‘p yurtlarda tilla buyumlar 14 karat ya’ni 585 yoxud 583 proba bilan ishlab chiqarilyapti. Shunga ko‘ra, 14 karat tamg‘ali tilla buyum gramining bozordagi o‘rtacha narxidan hisoblanaversa ham bo‘ladi, vallohu a’lam.
Ammo kumushning tillaga nisbatan qiymatining Payg‘ambarimiz zamonlaridan to bugungi kungacha bir necha barobar tushishi va tilla bilan kumush o‘rtasida katta tafovut paydo bo‘lganligini hisobga olsak, “400 dirham”ning quyidagi miqdori kelib chiqadi.
Ikkinchi uslub: 400: 34 = 11,7647058824 x 4,25 = 50 gramm tillo. Shunga ko‘ra, 50 gramm tillaning bozordagi o‘rtacha narxi bo‘yicha mahr berish sunnatga muvofiq bo‘lgan va undan oshirish mustaham sanalmaydigan miqdor bo‘ladi. Hisoblaymiz: 50 gramm tillo x 230 ming so‘m = 11 500 000 so‘m.
Bordiyu, bir gramm tillani 200 ming so‘m deb oladigan bo‘lsak, u holda 50 gramm tilla miqdori 10 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Bu esa hadisi shariflarda kelgan va Nabiy alayhissalom o‘z qizlari uchun belgilaganlari va ulamolar so‘ziga ko‘ra undan oshirish marg‘ub bo‘lmagan mahr miqdori bugunning pulida taxminan 1000$ (ming dollar) nari-berisida bo‘lishini anglatadi.
Uylanmoqchi bo‘layotgan odam sunnatga muvofiq bo‘lgan mahr miqdorining bugungi pullardagi taxminiy miqdorini bilmoqchi bo‘lsa, mazkur ikki xil uslub va miqdorga ko‘z tashlashi maqsadga muvofiq.
Biroq, mening ojizona va shaxsiy fikrimcha, ikkinchi uslubda keltirilgan miqdor sunnatga muvofiq bo‘lgan mahr miqdoriga ko‘proq to‘g‘ri keladi. Zero, kumush bilan tilloning bir-biriga nisbatan qiymatlari orasidagi tafovut kunimizda juda kattaligi hech kimga sir emas. Shu bois ham anchadan beri, zakot miqdori ham faqat tillo miqdorida hisoblab kelinadi. Mahrda kumush asos qilinayotganining boisi esa mahr kumushda berilganligidir. Shuning uchun ham mahr miqdorini belgilashda kumushdan kelib chiqyapmiz.
Boz ustiga, yurtimiz aholisining moliyaviy holatiga ham ushbu miqdor birinchi variantdagidan ko‘ra ko‘proq mos keladi. Binobarin, mahr ta’yin qilishda shu summadan oshirib yuborish maqtalmaydigan ish bo‘ladi. Bunday o‘ylab qaralsa, 50 gramm tillo ham kichkina pul emas.
Aslida o‘zaro rozilik asosida bo‘lsa va yuqorida aytilganidek, 10 dirham kumush tanga miqdoridan tushib ketmasa, erkakni qiynab, harajga tushirmaydigan darajada bo‘lsa, mahr miqdori qancha bo‘lsa ham bo‘laveradi. Albatta, 400 dirham kumush miqdorida berilishi shart emas. Balki, har bir yurtda bu boradagi o‘z urfu odatlariga qarab berilaveradi.
Shu bilan birga mahrning yengil bo‘lib, erkak va ayolning bir-biri bilan turmush qurishlariga to‘g‘anoq bo‘lmaydigan darajada bo‘lishi, hadisi shariflariga ko‘ra, eng xayrli va barakotli mahr hisoblanishini eslatib o‘tmoqchimiz. Afsuski, ba’zi davlatlarda mahrda haddan tashqari g‘uluv ketilganligi oqibatida turmush qurish yoshi juda kattalashib ketyapti va qanchadan-qancha qizlar o‘tirib qolyapti. Bu ham bo‘lsa, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam o‘gitlaridan uzoqlashishning ayanchli oqibatidir.
Alisher Sultonxo‘jayev,