Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Nikoh shartnomasi haqida

Nikoh shartnomasi haqida

Nikoh shartnomalari hozirgi davrda G‘arbiy Yevropa davlatlarida, AQSH, Kanadada ommalashgan. Bu tadbir, dastlab ming yillar ilgari Gresiya va Rimda kelib chiqqan, ya’ni erkak va ayol nikoh tuzishdan avval mulkiy munosabatlari - kelgusida orttiradigan mulk va meros masalalari haqida kelishuvni rasmiylashtirishgani haqida ma’lumotlar mavjud.

Mamlakatimizda 1998 yil 1 sentyabrgacha amal qilgan Nikoh va oila kodeksida er-xotin mulkining faqat qonuniy rejimi belgilangan edi. Oila mulkining tarkibi esa, asosan mebel, kiyim-kechaklardan iborat bo‘lgani, ya’ni bo‘linadigan narsa kamligi bois, mulkiy munosabatlarni boshqacha tarzda tartibga solishga zarurat yo‘q edi. Biroq xususiy mulk munosabatlari rivojlanishi bilan er-xotin mulki tarkibi o‘zgardi. Alohida mulki bo‘lgan er yoki xotinning o‘z mulkini o‘zi tasarruf etishni xohlashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yoki uy ishlari bilan band bo‘lib, mustaqil daromadga ega bo‘lmagan er-xotin manfaatlarini ham hisobga olish zaruratlari nikoh shartnomasining qonunga kiritilishini taqozo etdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida oilaning davlat va jamiyat muhofazasida ekanligi nazarda tutilgan bo‘lsa, oila a’zolarining shaxsiy nomulkiy va mulkiy huquq hamda majburiyatlari, nikoh shartnomasiga oid qoidalar Oila kodeksida belgilangan.

Men quyida oila mulkining muhofazasiga qaratilgan nikoh shartnomasi va uning qonunchiligimizga kiritilishi hamda tavsifi haqida kengroq to‘xtalmoqchiman.

Nikoh shartnomasi instituti dastlab 1998 yil 1 sentyabrdan kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida yoritildi va qonunchilikka kiritildi. Oila kodeksining VI bobi er va xotin mol-mulkining shartnomaviy tartibiga bag‘ishlangan.

Nikoh shartnomasi nikohlanuvchi shaxslarning, er va xotinning nikohda bo‘lgan davrida va nikohdan ajratilgan taqdirda ularning mulkiy huquq hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuvidir (OKning 29-moddasi). Endilikda qonuniy (rasmiy) mulk tartibi bilan birga mulkning shartnomaviy tartibiga ham o‘rin berildi. Ya’ni, er-xotin o‘zlarining mol-mulkiga, uning ayrim turlariga yoki er-xotindan har birining mol-mulkiga nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik qilish tartibini o‘rnatishga haqli ekanliklari belgilandi.

Alohida egalik qilish tartibi er-xotinning barcha mulkiga, uning ayrim turlariga, er-xotindan har birining mulkiga nisbatan belgilanishi mumkin. Nikoh shartnomasida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlar ma’lum muddat bilan cheklanishi, masalan, besh yil davomida ularning mulki bo‘lingan bo‘lishi, undan so‘ng umumiy bo‘lishi nazarda tutilishi yoxud hech qanday muddat bilan cheklanmasligi mumkin.

Fuqarolik-huquqiy shartnomalardan biri sifatida nikoh shartnomasi shakli, mazmuni jihatidan FKning bitimlarga qo‘yiladigan umumiy talablariga javob berishi, yozma tarzda tuzilib, notarial tartibda tasdiqlanishi (OKning 30-moddasi) lozim. Shartnoma notarial tartibda tasdiqlanadi. Uni tasdiqlaganda, o‘zgartirish kiritilganda yoki bekor qilinganda davlat boji undirilmaydi.

Shartnoma nikoh qayd etilishidan avval yoki qayd etilganidan keyin - istalgan vaqtda tuzilishi mumkin; nikohgacha tuzilgan bo‘lsa, nikoh davlat ro‘yxatiga olingan kunidan, nikohdagi er-xotin tomonidan tuzilgan bo‘lsa, shartnoma notarial tasdiqlangan kundan kuchga kiradi. Nikohlanuvchilar shartnoma tuzganidan keyin, qachon nikoh tuzishlari lozimligi belgilanmagan. Biroq shartnoma qachon tuzilganidan qat’i nazar, faqat nikoh qayd etilgach, kuchga kiradi. Shartnoma tuzilgani, unga o‘zgartirishlar kiritilgani yoki bekor qilingani haqida er (xotin) o‘z kreditorlarini xabardor qilishi lozim.

Nikoh shartnomasining predmeti er-xotinning mulkiy munosabatlaridir. Nikoh tugatilgandagi mulkiy munosabatlar bundan mustasno. Shaxsiy nomulkiy munosabatlar shartnoma predmeti bo‘lolmaydi.

Ayrim davlatlar qonunchiligida nikoh shartnomalari mulkiy masalalardan tashqari, er-xotinning kelishuviga ko‘ra, boshqa shaxsiy huquq va majburiyatlarni ham tartibga solishi belgilangan. Masalan, kim idish-tovoqlarni yuvishi, do‘konga borishi, o‘zini oilada qanday tutishi, xiyonat qilgan tarafga qanday choralar qo‘llanishi, xullas, shaxsiy munosabatlarga doir masalalar ham shartnomaga kiritilishi mumkin.

Nikoh shartnomasining ob’ekti er-xotinning nikohgacha va nikoh davrida orttirgan mulklari hamda ularning huquqiy tartibga solinishini o‘z ichiga oladi. Er-xotinning mulkiy munosabatlari Oila kodeksi normalari bilan tartibga solinadi.

Shartnomaning sub’ektlari nikohlanuvchilar yoki nikohda turgan er-xotin bo‘lishi mumkin, xolos. Shartnoma vakillar orqali tuzilmaydi, taraflar to‘la muomala layoqatiga ega bo‘lishlari, shartnomani shaxsan imzolashlari shart. Emansipasiya tufayli to‘la muomala layoqatiga ega deb e’lon qilinganlar ham shartnoma tuza oladilar. Biroq voyaga yetmagan nikohlanuvchi shartnoma tuzishga haqli emas.

Nikoh shartnomasi tuzish er-xotin yoki nikohlanuvchilarning huquqi bo‘lib, ularning erkin va ixtiyoriy kelishuviga asoslanadi. Hech kim uni tuzishga majbur qilinmaydi.

Shartnomaning mazmunida uning o‘ziga xosligi ko‘rinadi. OKning 31-moddasiga ko‘ra, er-xotin: birgalikdagi umumiy mulkning qonunda belgilangan tartibini o‘zgartirishga; mol-mulkka nisbatan birgalikdagi, ulushli yoki alohida egalik tartibini o‘rnatishga; o‘zlariga tegishli bo‘lgan yoki kelgusida olinadigan mol-mulkning huquqiy tabiatini belgilashga haqli.

Ma’lumki, nikoh davrida qilingan sovg‘alar erning yoki xotinning mulki bo‘lib, birgalikdagi umumiy mulk tarkibiga kirmaydi. Lekin amaliyotda ko‘pincha to‘ydagi sovg‘alarni umumiy mulk tarkibiga kiritishda nizo chiqadi.

OKning 26-moddasiga ko‘ra, qimmatbaho buyumlar va zeb-ziynatlardan tashqari, shaxsan foydalanilgan buyumlar, garchi nikoh davrida er-xotinning umumiy mablag‘iga olingan bo‘lsa-da, ulardan foydalanib kelgan er yoki xotinning xususiy mulkidir. Masalan, nikoh davrida olingan taqinchoqlar nikoh davrida va nikohdan ajralgan taqdirda undan foydalanib kelgan er yoki xotinning mulki hisoblanadi.

Nikoh shartnomasini tuzishda quyidagi cheklashlarga amal qilinadi:

- shartnomaga er-xotinning huquq va muomala layoqatini cheklovchi qoidalar kiritilmaydi (er xotinni ishdan bo‘shab uy ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishi shart, degan talab qo‘yishi, vasiyat erkinligini taqiqlovchi, sudga murojaat qilish huquqini cheklovchi qoidalar);

- shaxsiy munosabatlar haqidagi qoidalar kiritilmaydi. Biroq mulkiy munosabatlar nomulkiy shart-sharoitning sodir bo‘lish-bo‘lmasligiga bog‘liq qilib qo‘yilishi mumkin. Masalan, er yo xotin o‘zini noloyiq tutgan (xiyonat, kaltaklash) hollarda ma’naviy ziyonni qoplashi yoki farzand tug‘ilsa, er xotinga qimmatbaho uzuk yoki mo‘ynali palto sovg‘a qilish majburiyati nazarda tutilishi mumkin;

- shartnomada farzandlarga munosabat, ajralgan taqdirda bolalarning kim bilan qolishi, aliment undirish masalalari kiritilmaydi;

- mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj er-xotinning ta’minot olish huquqini cheklash mumkin emas. Chunki bu OK tamoyillariga ziddir.

Nikoh shartnomasi ko‘pincha muddatsiz tuziladi. Ma’lum vaqt o‘tgach yoki istalgan vaqtda er-xotin kelishib, unga o‘zgartirish kiritishlari, uni bekor qilishlari mumkin. Uni bajarishdan bir tomonlama bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi. Odatda, taraflardan biri ma’lum sababga ko‘ra shartnomani bajarolmasa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish taklif etilishi kerak. Kelishuv orqali shartnoma notarial tartibda, aks holda, sud orqali bekor qilinadi.

Shartnoma shartlari bir tomonlama buzilayotganini yoki tuzilgan paytdagi shartlar butunlay o‘zgarib ketganligini asos qilib, uni sud orqali bekor etishni talab qilish mumkin. Shartnoma sud orqali o‘zgartirilgach, sud qarori kuchga kirgandan so‘ng o‘zgartirilgan hisoblanadi. Nikoh shartnomasi nikoh ajratilganligi haqida sudning qarori kuchga kirgach yoki FHDYoda ajralish qayd etilgach tugatiladi.

Nikoh shartnomasining haqiqiy emas deb topilishiga uning qonun talablariga rioya qilmay tuzilganligi asos bo‘ladi. Haqiqiy emas deb topilganda nikoh shartnomasi hech qanday huquqiy oqibat tug‘dirmaydi va taraflar mulkiy munosabatda dastlabki holatga qaytadilar.

Nikoh shartnomasining afzalligi shundaki, u mulkiy munosabatlarni tartibga solish orqali oilani mustahkamlaydi, er-xotinni bir-biriga tegishli mulkdan to‘g‘ri foydalanishga va uni yaxshi saqlashga, mulkiy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishga undaydi. Darhaqiqat, sud orqali mulkni bo‘lishdek ko‘ngilsiz tortishuvlarni boshidan kechirganlar nikoh shartnomasi zarurligini tasdiqlamoqdalar. Bu borada huquqiy targ‘ibotning kuchaytirilishi, nikohlanuvchilarning nikoh shartnomalari qoidalari bilan tanishtirilishi kelgusida nikoh shartnomalarining rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Muzaffar G‘ofurov, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlaro sudining sudyasi

Kiritildi: 14:49 02.12.2021. O'qildi: 5847 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!