Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida tashkilot Xavfsizlik kengashiga murojaat qilib, Eronga qarshi sanksiyalarni qayta joriy etish va Eron yadro dasturi rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘radi.
«Men Xavfsizlik Kengashini Eronga qarshi sanksiyalarni tiklashga chaqiraman, chunki Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi uchun barchamiz qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», dedi u.
Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, Eron «yadroviy dasturini harbiy asosga o‘tkazishga intilmoqda».
«Mamlakatlaringiz tinchligi va xavfsizligi uchun, butun dunyo tinchligi va xavfsizligi uchun biz bunga yo‘l qo‘ya olmaymiz», dedi Netanyaxu.
Uning fikricha, «Eron agressiyasi» butun Yaqin Sharq mintaqasiga, uzoq muddatda esa butun dunyoga tahdid solishi mumkin.
«Eron o‘z radikalizmini Yaqin Sharqdan uzoqqa yoyishga intiladi. Shuning uchun u besh qit’ada terrorchilik tashkilotlarini moliyalaydi, shuning uchun butun dunyoga tahdid soladigan yadro kallaklariga ega ballistik raketalarni yaratadi», - dedi Netanyaxu.
U agar Eron unga hujum qilsa, mamlakati javob qaytarishga va’da berdi. «Tehron zolimlariga bir gapim bor: agar siz bizni ursangiz, biz ham sizni uramiz, Eronda ham butun Yaqin Sharqda Isroilning uzun qo‘li yeta olmaydigan joy yo‘q», - dedi bosh vazir. .