AQSh prezidenti Donald Tramp Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan munosabatlari yaxshi ekanini ta’kidlar ekan, ayni paytda Isroil rahbari yanada mas’uliyatli harakat qilishi lozimligini bildirdi.
Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida jurnalistlar Trampdan Netanyahudan ko‘ngli qolgan-qolmaganini so‘rashdi.
«Yo‘q. Bizning munosabatlarimiz ajoyib. Qo‘shma Shtatlarsiz Isroil bo‘lmas edi. Mensiz ham Isroil bo‘lmas edi, chunki men qilgan ishlarni boshqa hech bir prezident qilishga tayyor emasdi. Men Bibi (Netanyahu) bilan doimo juda yaxshi munosabatda bo‘lganman. Ammo endi u Livan masalasida ko‘proq mas’uliyat namoyon qilishi kerak», — dedi Tramp.
Bu bayonot AQSh va Isroil rahbarlari o‘rtasida Livan hamda Eron bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan keskin muloqotlar bo‘lgani haqidagi xabarlar fonida yangradi. Tramp shu bilan birga Vashington va Tel-Aviv o‘rtasidagi strategik hamkorlik mustahkamligicha qolayotganini ham ta’kidladi.