Nepalda hukumatning qator ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash qarori tufayli boshlangan yoshlarning ommaviy norozilik namoyishlari "Zumer inqilobi" deb nomlandi.
Bu haqda The New York Times nashri xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, ko‘cha namoyishlari tobora zo‘ravonlik kasb etmoqda, namoyishchilar binolarga o‘t qo‘ymoqda. Tartibsizliklar va polisiya bilan to‘qnashuvlar natijasida yuzlab odamlar yaralangan, 22 kishi halok bo‘lgan.
Namoyishlar hukumatning iste’foga chiqishiga olib kelgan bo‘lsa-da, mamlakatdagi vaziyat o‘z me’yoriga qaytgani yo‘q. Namoyishchilar shinalarni yoqib, hukumat qarorgohi va parlament hududidagi transport harakatini falaj qilmoqda.
Nashrning yozishicha, ko‘chalarda o‘n minglab namoyishchilar qolmoqda. Ular davlat muassasalariga hujum qilib, yo‘llarni to‘sishda davom etmoqda. Armiyaga tegishli vertolyotlar ba’zi vazirlarni xavfsiz joylarga yetkazdi.