Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Nega “Korzinka.uz” narxnomalarida o‘zbekcha so‘zni uchratmaymiz, bu brend o‘zbek tilini mensimaydimi?

Nega “Korzinka.uz” narxnomalarida o‘zbekcha so‘zni uchratmaymiz, bu brend o‘zbek tilini mensimaydimi?

Yurtimizda o‘zbek tili Davlat tili maqomiga ko‘tarilganiga 30 yil bo‘ldi. Bu tilda emin-erkin so‘zlashayotganimizga 28 yil to‘ldi. Millatning asosiy zaboni uchun kurash qilganimizga esa 70 yildan oshdi. Ammo... Shuncha yillar jafo chekkan xalqning birgina tilini sofligicha asrash uchun qilgan harakatlariga soya solish hollari, afsuski yo‘q emas.
Garchi 30 yillik sana yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, davlat tilini davlat maqomi darajasiga olib chiqa olmayotganimiz qaysidir ma’noda bor gap.
Xususan, ko‘cha-ko‘ylardagi turli reklama yorliqlari, atamalardagi xatoliklar haqida bot-bot eslatib turilayotgani haqiqat. Ammo bugun aynan ko‘chalarimizga zeb berib turgan do‘konlar faoliyatida o‘zbek tilining ahamiyatiga qanday e’tibor berilmoqda?
Keling, shu o‘rinda kuzatuvimizni O‘zbekistondagi eng nufuzli yorliqlardan biri bo‘lgan “korzinka.uz” do‘konlaridagi narxnomalardan boshlasak.
“korzinka.uz” do‘konlari mustaqillik davrida ochilganiga qaramay, negadir do‘konda o‘zbek tilidagi narxnomani topa olmaysiz. Narxlar rus tilida e’lon qilinishiga qarshilik qilmoqchi emasmiz, ammo O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili haqidagi Qonunning 20-moddasida narxnomalar davlat tilida rasmiylashtirilishi va e’lon qilinishi lozimligi qayd etilgan.
Boshqa tillarda esa tarjima berilishi mumkin. Do‘kon rahbariyati Davlat tili haqidagi qonundan bexabarmikan, deb ham o‘ylab qolasan kishi.
Asosan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi aholidan iborat dahalardagi “korzinka.uz” do‘konlarida ham o‘zbekcha narxnomani uchratmaysiz.
Hatto xalq tilida aytiladigan “yopgan non” ham ushbu do‘konlarda “lepyoshka” tarzida qayd etilgan. Qizil qovunni esa rus tiliga tarjima qilishda biroz ter to‘kib “dinya krasnomyasko” so‘zini ixtiro qilishganiga “ofarin” deysiz.
Kezi kelganda fidokormiz, loqayd emasmiz, deymizu biroq yirik tarmoqli do‘konlarda o‘zbekcha so‘zni uchratmasak ham bilmaganga olib ketaveramiz.
Fidoyilik, davlat tilini hurmat qilishdan, qonunlarga itoat etishdan boshlanmaydimi? Kezi kelganda, vijdondan ko‘ra qonun ham fidoyilikka undovchiga aylanadi. Davlat tilini mensimagan, jamoat joylarida o‘zbek tilini hurmat qilmagan tadbirkorlar ham nazarimizda, qonun oldida javob berishi kerak.
Kim biladi deysiz, balki o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 30 yil to‘layotgani arafasida ushbu nufuzli tarmoq do‘kon rahbariyati savdo rastalarida davlat tiliga ham e’tibor berib qolar... Kuzatuvlarimiz esa davom etadi. Quyidagi videoda korzinka.uz do‘koni narxnomalaridan o‘zbekcha so‘zni topib ko‘ringchi.

Anora SODIQOVA, O‘zA

Kiritildi: 17:24 07.09.2019. O'qildi: 3125 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!