Bugun 13 fevral, 2026 yil, juma

КИР

Nega amerikalik avtokompaniyalar yirik batareyalar ishlab chiqarmoqchi?

Nega amerikalik avtokompaniyalar yirik batareyalar ishlab chiqarmoqchi?

The NYT xabar berishicha, amerikalik avtomobil ishlab chiqaruvchilar elektromobillar bo‘yicha rejalarini qisqartirgan bo‘lsa-da, ularning ayrimlari qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga xizmat qiladigan texnologiyalarga e’tibor qarata boshladi.

Bu o‘zgarishlar fonida Ford kompaniyasi elektromobillar strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi natijasida 19,5 milliard dollar miqdorida zarar qayd etdi. Tesla esa elektromobillar bo‘yicha dunyodagi eng yirik sotuvchi maqomini yo‘qotdi, ichki va Yevropa bozoridagi sotuvlari pasaydi.
Elektromobillar bozori o‘sish sur’atining sekinlashishi AQShda shakllanayotgan akkumulyator sanoati uchun ham muammolar tug‘dirdi. Shu bois ayrim kompaniyalar yangi biznes yo‘nalishini ko‘rib chiqmoqda. Bu yo‘nalish energiya tizimini qayta tiklanuvchi manbalar bilan ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkin. Biroq bunda Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan narx bo‘yicha raqobat qilish talab etiladi.
Ford avtomobil batareyalari ishlab chiqarish liniyalarini qayta jihozlab, data-markazlar va energetika kompaniyalari uchun katta hajmli batareyalar ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Tesla ham ushbu segmentni kengaytirmoqda.
Hozir AQShda ishlab chiqarilayotgan elektromobil batareyalari hajmi avtokompaniyalar ehtiyojidan ortiq bo‘lib qoldi. Shu bois zavodlar boshqa mahsulot turiga o‘tish imkoniyatlarini izlamoqda.
Wood Mackenzie kompaniyasi vakili Ellison Vays ta’kidlashicha, elektromobillarga talab past bo‘lgan sharoitda zavodlarni to‘xtatib qo‘ygandan ko‘ra, bu variant mantiqan to‘g‘ri yechim hisoblanadi.
2024 yil dekabrida Ford mavjud akkumulyator zavodlarini tarmoq batareyalari ishlab chiqarishga moslashtirish rejasini e’lon qildi.
Tesla uchun energiya saqlash tizimlari allaqachon muhim biznes yo‘nalishiga aylangan. Tesla Xyustondagi yangi zavodida joriy yildan boshlab yirik batareyalar ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda.
Wood Mackenzie ma’lumotlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib AQShda yirik tarmoq batareyalariga bo‘lgan talab o‘tgan yilgi mahalliy ishlab chiqarish hajmidan olti baravarga oshishi mumkin.
Biroq asosiy savol shunda: Ford va Tesla kabi kompaniyalar Xitoy va Janubiy Koreya ishlab chiqaruvchilari bilan raqobatlasha oladimi? Masalan, LG Energy Solution Michiganda allaqachon tarmoq batareyalari ishlab chiqarmoqda.

Kiritildi: Bugun 17:50. O'qildi: 416 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!