Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Navoiy shahri hokimi uyga keluvchi mehmonlarga «soliq solgani» aytilmoqda

Navoiy shahri hokimi uyga keluvchi mehmonlarga «soliq solgani» aytilmoqda

Navoiy shahri hokimi yangi qaror chiqardi. Bu qaror shahardagi oilaviy yotoqxonalarda yashovchilarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda «Daryo»ga jurnalist Feruza Qodirova xabar beryapti.

Foto: Feruza Qodirova

Feruza Qodirovaning aytishicha, endi navoiyliklar uyiga mehmon olib kelsa, mehmon uchun ham alohida pul to‘laydi.

Ma’lum bo‘lishicha, shahar hokimligi huzuridagi oilaviy yotoqxonalarda yashovchilar bir kishilik joy (koyka) uchun 72 ming so‘m to‘laydi. Yotoqxonada doimiy yashovchi oilalar esa oyiga 144 ming so‘mdan 450 ming so‘mgacha to‘lov qiladi.

— Endi uyga mehmon kelsa va mehmon uyimizda 4 soatdan ortiq qolsa, mehmon uchun ham alohida to‘lov qilarkanmiz, — deydi yotoqxonada yashovchilardan biri.

Foto: Feruza Qodirova

Hokim qarorida ko‘rsatilishicha, mehmon uchun mezbon bir kunga  3 000 so‘m to‘laydi.

— Ba’zilar ota-onasiga qarashga to‘g‘ri keladi, ba’zilar esa farzandiga. Bunday paytda juda noqulay, ortiqcha xarajat bo‘lyapti. Axir farzandmiz ota-onamizga vaqtincha bo‘lsa-da qarashga to‘g‘ri keladi, — deydi 3-yotoqxona 420-xonadonda yashovchi S. Ochilov.

Yotoqxonada yashovchilarni mehmon uchun pul to‘lashga majburlash — og‘ir sharoitda yashayotganlarni qiynab qo‘yayotgani ta’kidlanmoqda.

Foto: Feruza Qodirova

— Olis tumandan qarindoshlarim tibbiy klinikaga ko‘rikka kelgan edi. Ular kech kirib qolgach, biznikida qoldi. Mehmonlarimiz uchun pul to‘lab keldim, o‘zim yolg‘iz ayolman, sharoitim og‘ir, — deydi 709-xonadonda yashovchi B. Normatova.

Yotoqxonada yashovchilarning shikoyat qilishicha, yotoqxona uchun alohida to‘lov amalga oshirilsa ham yashovchilar koridor, oshxona va hojatxonani yuvishga ishlatiladigan tozalash vositalari uchun pul to‘lashga majbur qilinmoqda.

— Shuncha pul to‘laganga yarasha yotoqxona sharoiti arzimaydi-da, — deydi aholi vakillari.

Foto: Feruza Qodirova

Aytilishicha, shaharning Ibn Sino ko‘chasidagi 1, 2, 3-oilaviy yotoqxonalardagi lift bino qurilgan vaqtdan beri ishlamaydi. Binoning qurilganiga 50 yil bo‘lgan. Liftning nosozligi tufayli 3-yotoqxonada bir kishi halok bo‘lgan.

— Mazkur yotoqxonaga yangi lift o‘rnatilganiga 3 yildan oshgan bo‘lsa-da hali-beri ishga tushirilmagan, — deyishmoqda aholi.

Kiritildi: 18:02 12.12.2019. O'qildi: 3583 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!