NATO sammiti arafasida a’zo davlatlar 2035 yilgacha mudofaa xarajatlarini sezilarli darajada ko‘paytirish va YAIMning 5 foizigacha yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu qadam Rossiya tahdidi va AQSh bosimiga javob sifatida baholanmoqda.
dpa, AFP va Reuters agentliklarining xabar berishicha, 22 iyun kuni NATOga a’zo 32 davlat 2035 yilgacha mudofaa xarajatlarini mamlakat yalpi ichki mahsulotining 5 foizigacha oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Bu haqda Haagada 24–25 iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO sammitining yakuniy hujjatida bayon etilishi kutilmoqda.
Hujjatga ko‘ra, YAIMning 3,5 foizi to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy xarajatlar uchun, 1,5 foizi esa terrorizmga qarshi kurash va harbiy maqsadda foydalanilishi mumkin bo‘lgan infratuzilma — masalan, tanklarga chidamli ko‘priklar, temir yo‘llar va portlarga sarflanadi.
Ayni vaqtda NATO a’zolari uchun belgilangan minimal mudofaa sarfi YAIMning 2 foizini tashkil etadi. Ushbu ko‘rsatkichni oshirish ehtiyoji, asosan, Rossiyaning Ukrainaga qarshi uyushtirgan urushi va Donald Trampning Yevropa o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyat olishi kerakligi haqidagi talablari bilan bog‘liq.
AQShning NATOdagi doimiy vakolatxonasi mazkur kelishuvni olqishladi. Germaniya esa bu tashabbusni may oyida Turkiyada o‘tgan tashqi ishlar vazirlari uchrashuvidayoq qo‘llab-quvvatlagan. 2024 yilda Germaniya YAIMning 2,1 foizini mudofaaga sarflagan. Kansler Fridrix Mersning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkichni 5 foizga yetkazish uchun yiliga 225 mlrd yevro ajratish talab etiladi.
AQSH, Gresiya va Latviya kabi mamlakatlar bunday xarajatlarni bemalol amalga oshirishi kutilmoqda. Ispaniya esa bu rejalarni tanqid qilgan va faqat 2029 yilda ko‘rsatkichlar qayta ko‘rib chiqilishi haqidagi modda tufayli hujjatni qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lgan. NATOning Bryusseldagi qarorgohida esa birorta davlat uchun istisnolar qilinmasligi ta’kidlandi.