Shimoliy Atlantika alyansi Arktikada harbiy ishtirokini kengaytirish masalasini muhokama qilmoqda. Bu orqali AQShning Grenlandiyani sotib olish istagini susaytirish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp Grenlandiyani sotib olishga strategik va iqtisodiy sabablar tufayli qiziqishini bir necha bor bildirgan edi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa Vashingtonning bu boradagi rejasi «jiddiy» ekanini va hazil emasligini tasdiqladi.
NATO ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqadagi harbiy salohiyatni oshirish AQSh manfaatlarini qondirishi mumkin.
Hozirda AQSh Grenlandiyada Pituffik Space Base harbiy bazasiga ega bo‘lib, u asosan kosmik kuzatuv tizimi sifatida ishlatiladi. Biroq bu Trampni qoniqtiradimi yoki u hali ham Grenlandiyani sotib olishni talab qiladimi – bu ochiq masala bo‘lib qolmoqda.
Grenlandiya rahbariyati AQSh tarkibiga qo‘shilish fikriga keskin qarshi.
So‘rov natijalariga ko‘ra:
85% grenlandiyaliklar bu g‘oyani rad etgan,
Faqat 6% odam qo‘llab-quvvatlagan,
9% esa aniq javob bera olmagan.
NATO Trampning Arktikadagi Rossiya va Xitoy faolligidan xavotirda ekanini tushunadi. Biroq alyansning harbiy ishtirokini kengaytirish bo‘yicha muzokaralari hali boshlang‘ich bosqichda.
Shu bilan birga, AQSh davlat kotibi Marko Rubio yana bir bor tasdiqladiki, Vashingtonning asosiy maqsadi aynan Grenlandiyani sotib olishdir, chunki bu «milliy manfaat» masalasi hisoblanadi.