Bugun 6 may, 2024 yil, dushanba

КИР

Narxlar o‘yini: uning ortida kimlar turibdi?

Narxlar o‘yini: uning ortida kimlar turibdi?

Bozorlarimizda dala-do‘konlari tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Olibsotarlarga yalinib o‘tirmay sabzi-piyoz deysizmi, kartoshka yoki karam deysizmi, taroziga torttirib, pulini to‘lab olib ketaverasiz. Qo‘l haqi urib qolsa ham olibsotarlarnikidan ancha arzon. Ammo, bu dala-do‘konlarida kamchilik yo‘q, degani emas.

Savdo madaniyatini oshirish borasida ular bilan hali ancha-muncha ishlash kerak. Ayniqsa, dala-do‘konlarining mahsulotlarini ham saralangan va tozalangan holda sotish raqobatning asosiy garovidir. Lekin, hozir gap bu haqda emas. Tan olib aytish kerakki, bozor peshtaxtalari to‘la. Biroq, peshtaxta ortida turganlarning qovoqlaridan qor yog‘ib turishi bozorning barakasiga putur yetkazmay qolmaydi. Chunki ular peshtaxtadagi mahsulotning egasi-da. Aslida ham shundaymi? Yo‘q, albatta. Ular birga olib, o‘nga pullaydigan olibsotarlar. Ya’ni, o‘ndan to‘qqizni uradiganlar. Ular bilan muomala qilishdan azob ish yo‘q. Tatib ko‘rishga ham pul olishadi. Buning ustiga savdolashib bo‘lmaydi. Og‘ziga siqqan narxni aytadi. Bir so‘m ham tushmaydi.
Kecha bozorga kirib, peshtaxtalar peshonasiga mahsulotlar narxi yetti chaqirimdan ko‘zga tashlanadigan qilib yozib qo‘yilganini ko‘rib, hayron bo‘ldim. Yaqinroq borib o‘qidim: sabzi dala do‘konida olibsotar peshtaxtasidagidan ancha arzon naxrda turibdi. Ko‘rsa ko‘rgulik. Yuvib qo‘yilgan. Xursand bo‘lib, menga ikki kilo sabzi tortib bering, dedim. Tortdi. Mahsulotni olib, pulini uzatdim. Olibsotar ko‘zlari ola-kula bo‘lib, yana ming so‘m berasiz dedi. Bu yerda narx shunday ko‘rsatilgan-ku, deb so‘radim ajablanib. Bu narx siz uchun emas, dedi u baqrayib. Unda nega yozib qo‘yibsiz, – dedim biroz asabiylashib. Buni men yozganim yo‘q, – deb javob berdi u o‘sha turqi sovuqlik bilan. Noiloj yana pul berib, indamay ketdim.
Beli og‘rimagan ochofat, dedim o‘zimga o‘zim. Keyin... Keyin o‘zimga o‘zim savol bera boshladim. O‘zi bozor mahsulotlari narxini kim belgilaydi? Bozor ma’muriyatimi yoki boshqa bir kishi? Axir, mahsulotlar narxi osmondan tushmagandir. Nega bozorda o‘tirgan olibsotarlarning hammasi to‘tidek bir xil narxni aytadi? Masalan, bir kilogramm kartoshka bahosini bittasi to‘rt ming so‘m dedimi, tamom, boshqalari ham shu narxni takrorlaydi. Hech qaysi biri bilan savdolashib bo‘lmaydi. Xuddi, supermarketning o‘zginasi. 
Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar, deganlaridek, har gal ro‘zg‘orga u-bu narsa olib kelish uchun bozorga borganimda boshqalarga o‘xshab narx-navodan mening ham ensam qotadi. Peshtaxta ortida xo‘mraygan olibsotarni emas, balki chehrasidan nur yog‘ilib turgan bobodehqonlarimizni ko‘rgim keladi. Ularning yo‘rig‘i boshqacha-da. Savdolashsang ham, suhbatlashsang ham maza qilasan. Ularning bag‘rikeng, chehralaridan nur yog‘ilib turadi. Ammo, bugun bobodehqonlarimiz va tadbirkorlarimiz peshona teri bilan yetishtirayotgan meva-cheva, sabzavot va poliz mahsulotlarining narxini kim nazorat qiladi? Mahsulotlarning peshtaxtalarda yozib qo‘yilgan narxlarda sotilishini kim ta’minlaydi? Qachongacha olibsotarlardan «bu narxni biz yozganimiz yo‘q» degan gapni eshitamiz? Bu kabi savollarga kimdan javob olish mumkin? Topilishi amri mahol bo‘lgan bozor direktoridanmi? Yoki qaysi bir burchakda turgan soliq idorasi vakilidanmi? Bozorning egasi kim o‘zi? 
Xullas, bozorlarda tartib o‘rnatadigan, dehqon, fermer va tadbirkorlarga keng quchoq ochadigan, o‘zi o‘ziga xon, ko‘lankasi maydonlarning jilovini tortib qo‘yadigan vaqt keldi.

Nuriddin OCHILOV

Kiritildi: 07:30 04.08.2019. O'qildi: 4169 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!