Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Myanmadagi kuchli zilzila oqibatida jami 1644 kishi halok bo‘lgan, 3408 kishi jarohatlangan, 139 kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda 29 mart oqshomida mamlakat Davlat ma’muriy kengashi axborot guruhi ma’lum qildi. Myanmada 28 mart kuni 7,7 magnitudali zilzila sodir bo‘lgan. Silkinishlar qo‘shni mamlakatlarda ham sezilgan.
Myanma radio va televideniyesi ma’lumotlariga ko‘ra, Myanma ittifoqi respublikasi Davlat ma’muriy kengashi raisi va bosh vaziri Min Aung Xlaing jiddiy zarar ko‘rgan hududlarni ko‘zdan kechirish uchun 29 mart kuni ertalab vertolyotda Mandalayga uchgan. Bir kun avval u xalqaro hamjamiyatni Myanmaga yordam berishga chaqirgan edi.