Yana bir muhim masala – bahor va kuzdagi sel suvlarini yig‘ib, sug‘orishda ishlatish lozim.
Masalan, Qo‘shrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qo‘rg‘on”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan o‘tgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketadi.
Bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni o‘zlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkin.
Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Farg‘onadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash imkoni bor.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.