Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy 34 kishini davlat mukofotlaridan mahrum qilish to‘g‘risida qaror imzoladi.
Bu ro‘yxatga Ukraina milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi, hozirgi kunda Sankt-Peterburgning «Zenit» jamoasida murabbiylik qilayotgan Anatoliy Timoshchuk ham kiritilgan.
Ilgari Sport arbitraj sudi (CAS) «Zenit» murabbiyi Anatoliy Timoshchukning Ukraina futbol assosiasiyasi (UAF) qaroriga qarshi apellyasiyasini qanoatlantirgan edi. Ushbu qaror Timoshchukni murabbiylik lisenziyasidan va barcha milliy sovrinlaridan mahrum qilish bo‘yicha chiqarilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, 2022 yil 11 mart kuni UAFning intizom qo‘mitasi Timoshchukning murabbiylik lisenziyasini, shuningdek, futbolchi sifatida qo‘lga kiritgan barcha milliy unvonlarini bekor qilgan edi. Bunday qaror Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keskin vaziyat, shuningdek, mutaxassisning Sankt-Peterburg klubida ishlashni davom ettirish haqidagi qaroriga bog‘liq bo‘lgan.