Bugun 7 aprel, 2026 yil, seshanba

КИР

Murodjon Ahmadaliyev, Lazizbek Mullajonov va Abdumalik Xalakov navbatdagi janglarini Toshkentda o‘tkazadi!

Murodjon Ahmadaliyev, Lazizbek Mullajonov va Abdumalik Xalakov navbatdagi janglarini Toshkentda o‘tkazadi!

2026 yil 29 may kuni poytaxtimizdagi "Humo arena" majmuasida Olimpiya chempionlari va jahon professional ringi yulduzlari ishtirokida katta professional boks kechasi tashkil etiladi.

Mazkur nufuzli sport tadbiri WBC Eurasia, O‘zbekiston professional boks federasiyasi hamda Lift Promotion hamkorligida o‘tkazilib, bir qator muhim va prinsipial janglarni o‘z ichiga oladi. Bellashuvlar davomida xalqaro reyting ochkolari uchun kurashlar bilan birga ayrim vazn toifalarida WBC Eurasia chempionlik kamarlari sohiblari ham aniqlanadi.

Kechaning markaziy janglaridan biri ikki karra Olimpiya chempioni kubalik Robeysi Ramires hamda mahoratli bokschi Asror Vohidov o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Shuningdek, jahon professional ringida yuqori natijalar qayd etib kelayotgan Murodjon Ahmadaliyev ham ushbu oqshom doirasida navbatdagi jangini o‘tkazadi.

Og‘ir vazn toifasida Olimpiya chempioni Lazizbek Mullajonov WBC Eurasia chempionlik kamari uchun ringa ko‘tariladi. Yana bir Olimpiya chempioni Abdumalik Xalakov ishtirokidagi bellashuv ham kechaning eng kutilgan janglaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bilan birga, yarim og‘ir vaznda mag‘lubiyat nimaligini bilmagan Ali Izmailov ham WBC Eurasia kamari uchun kurash olib boradi.

Boks kechasi dasturidan yana bir qator reyting janglari ham o‘rin olgan bo‘lib, ular professional ringdagi yangi nomlar va kuchli raqobat muhitini namoyon etishi kutilmoqda.

Asosiy kard:

Murodjon Ahmadaliyev – Xegli Moskida

Asror Vohidov – Robeysi Ramires

Lazizbek Mullajonov – Luis Garsiya

Abdumalik Xalakov – Ramadxan Iddi

Ali Izmailov – Frenk Shagembe

Shohjahon Abdullayev – Denis Okoz


Anderkard:

Nusislom Ismoilov – Dulla Mbabe

Shohabbos Mahmudov – Asadbek Bekmirzayev

* A’loxon Abdullayev, Nusratbek Toxirov, Abdulloh Madaminovning raqiblari tez orada e’lon qilinadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, WBC Eurasia tashkiloti 2025 yil dekabr oyida MDH va Qora dengiz mintaqasi boks byurosi negizida qayta tashkil etilgan bo‘lib, unga taniqli sport funksioneri, o‘zbekistonlik Gafur Rahimov rahbarlik qilib kelmoqda.

29 may kuni Toshkentda o‘tkaziladigan mazkur professional boks oqshomi nafaqat mamlakatimiz sport muxlislari, balki xalqaro boks jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lishi kutilmoqda. Janglarni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish maqsadida WBC tomonidan taniqli sport arbobi Pet Fiakko nazoratchi sifatida tayinlangan.

Kiritildi: Bugun 15:09. O'qildi: 222 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!