Kecha, 26 noyabr kuni tushdan keyin “Osiyo ayig‘i”, sportchi Murod Xonto‘rayev Toshkentda joylashgan “Toshkent» savdo majmuasi yaqinida pichoqlab ketilgani haqida tezkor xabar berdik.
Sportchi zudlik bilan voqea joyiga yaqin bo‘lgan Toshkent shahar 1-son klinik shifoxonasining Xirurgiya bo‘limiga joylashtirilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, tananing son va dumba qismiga pichoq urilgani aytilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasidan ma’lum qilinishicha, mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ustidan esa prokuratura nazorati o‘rnatilgani ta’kidlangan.
Murod Xonto‘rayev o‘z ofisida ikki nafar tanishi bilan suhbatlashib turganida, tasodifan taxminan 10 kishi kirib keladi va o‘rtadagi o‘zaro nizo jarayonida Murodga bir necha bor pichoq tiqiladi.
Pichoq asosan son va dumba qismga urilganidan taxmin qilish mumkinki, Murodga qasd qilganlar uni o‘ldirish uchun emas, balki shunchaki qo‘rqitib qo‘yish uchun tananining asosan qon chiqmaydigan va kishini o‘limga olib kelmaydigan qismlariga pichoq urishgan.
Taxmin qilish mumkinki, pichoq agarda jigar, yurak, o‘pka va qorin qismga urilganida kishi o‘ta og‘ir jarohat olib, natijada vafot etishi ham mumkin. Xayriyatki, hozirda Murodning salomatligi yomon emas.
Bu pichoqlash ortida oldingi o‘zaro kelishmovchiliklar turgan degan taxmin ilgari surilmoqda.
Manba: 7news.uz