Bugun 14 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

Muftiy Usmonxon Alimov nega otinoyilarga murojaat qildi?

A A A
Muftiy Usmonxon Alimov nega otinoyilarga murojaat qildi?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari respublikamiz otinoyilariga murojaat qilgan. Murojaatda jumladan, shunday deyiladi:

«Hurmatli otinoyilarimiz!

Quyida ayrim otinoyilar yo‘l qo‘yayotgan ba’zi xatoliklarni keltirib o‘tsak:

Birinchi.  Ba’zi otinoyilar o‘zining yetarli bilimi bo‘lmagani holda diniy rasm-rusumlarga boshchilik qilish bilan birga bid’at-xurofot ishlarda tashabbuskorlik ham ko‘rsatishyapti. Bu bilan faqat o‘zlarini emas, balki ularga ergashuvchilarni ham zalolatga boshlashmoqda. Mana shundan otinoyilarimiz ehtiyot bo‘lishlari kerak…

Ikkinchi. Ba’zi otinoyilar suhbatlarida faqat do‘zax azobi, qabr hayoti va Qiyomat dahshati yoki jahannam vasfi haqida gapirib, qalbga vahima yoki hayrat soladilar. Aslida Yaratganning muhabbatiga ma’rifat va Haq taolo rozi bo‘ladigan ezgu ishlar bilan erishiladi. Bu haqda tasavvuf olimasi Robiya Adaviya: "Jannat orzusi va do‘zax azobidan qo‘rquv najot vositasi bo‘la olmaydi. Ma’rifat amaldan ustun, Allohni amallar bilan emas, ma’rifat bilan tanish muhimdir", – degan edi.

Uchinchi.  Ayrim otinoyilar dinni oson qilib yetkazish  o‘rniga amallarni mushkul qilib izohlash, qo‘rqitish yo‘lini tutadi. Aslida Islom – yengillik dinidir! Janobi Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham ummatlarga doimo yengillik, osonlik istaganlar. Bir hadisi shariflarida: "Osonlashtiring – qiyinlashtirmang, qiziqtiring – bezdirmang" (Imom Buxoriy rivoyatlari) deganlar. Zero, oyati karimada ham "Alloh hech bir jonga toqatidan tashqari narsani taklif etmaydi..." (Baqara surasi 286 oyat) deyilgan.

To‘rtinchi. Folbinlik kabi ulkan gunoh ishlar bilan shug‘ullanadiganlar orasida otinoyilikni da’vo qiladiganlari ham borligi kishini qattiq ranjitadi.

Beshinchi. Ko‘p otinoyilar diyorimiz musulmonlari hanafiy mazhabiga rioya etishlarini inobatga olmay, o‘zlari turli adabiyotlardan o‘qigan yoki eshitgan fikrlarni gapirib, kishilar orasida ixtiloflarni keltirib chiqarishmoqda…

…Otinoyilar faqat bilim tarqatuvchigina emas, balki yoshlar tarbiyasi uchun mas’ul, odob-axloqda esa hammaga o‘rnak bo‘lishgan. Shuningdek, Qur’oni karim qiroati, uning tafsiri, payg‘ambarlar tarixi, xalq og‘zaki ijodini yaxshi bilishgan.

Ular yoshlarga nikohning ilohiy ahdligi, oilaning muqaddasligini uqtirishgan va hayotiy misollar bilan farzandlar ongiga singdirishgan. Ziyo tarqatuvchi, ma’rifatparvar imom-xatiblar qancha e’zozda bo‘lsalar, otinoyilar ham shuncha hurmat qilingan.

Qadimdan otinoyilar halolligi, taqvosi, mehnatkashligi, hayosi bilan el hurmatini qozonishgan. Hozirgi otinoyilar ham ana shulardan ibrat olishlari lozim!»

Shuningdek, muftiy hazratlari hozirgi zamon otinoyisiga zarur bo‘lgan sifatlar va muhim vazifalarni ko‘rsatib o‘tgan.

«Birinchi, otinoyi Islom dini mohiyatini to‘liq tushuna bilishi, moturidiy aqidasi, hanafiy mazhabi haqida mukammal ma’lumotga ega bo‘lishi va o‘z faoliyatida bularni mahkam tutishi, Qur’oni karimni tajvid bilan o‘qiy olishi juda ham zarur.

Ikkinchi, otinoyilar xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tinchlik va barqarorlikning qadriga yetishni, dunyoda kechayotgan o‘zgarishlar, yuz berayotgan noxush voqealarning asl sabablarini to‘g‘ri tushunib, xalqimizga to‘g‘ri yetkaza olishlari lozim.

Uchinchi, ayollar o‘rtasidagi ma’naviy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan, hanafiy mazhabi ta’limotiga zid bo‘lgan holatlarga qarshi turish zarur. Xususan, xotin-qizlar orasida uchraydigan folbinga borish kabi bid’at-xurofotlarga barham berish yo‘lida otinoyilar tinmay tashviqot ishlarini olib borishlari bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

To‘rtinchi, aholi orasida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarini olib borishda masjidlardagi imom-xatiblarning alohida o‘rni bor. Bugungi otinoyilar imom-xatiblarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchilari sifatida ana shu imom-xatiblarimiz bilan har bir ishni maslahatlashgan holda hamjihatlikda  faoliyat olib borishlari kerak.

Beshinchi, mana shunday ishlarni to‘g‘ri ado etishda otinoyilarga Diniy idora Fatvo bo‘limi tomonidan e’lon qilinadigan juma tezislari juda ham qo‘l keladi. Har haftalik juma mav’izalarini avval o‘zlari to‘g‘ri o‘zlashtirib, keyin ayol-qizlarga yetkazsalar, juda ham to‘g‘ri va maqsadga muvofiq ish bo‘ladi.

Oltinchi, “Jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish ishlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida, otinoyilar  “Islom nuri” gazetasi, “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallariga nafaqat o‘zlari obuna bo‘lishlari, balki boshqalarni ham obuna bo‘lishlariga targ‘ib etishlari juda ham zarurdir. Ushbu nashrlardagi Qur’oni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqhga oid masalalar bayoni va botil iddaolarga berilgan asosli raddiyalar ish faoliyatda va Islom ma’rifatini yaxshi bilib olib, to‘g‘ri tushuntirishda juda qo‘l keladi.

Men ishonamanki, muhtarama otinoyilarimizning ish tajribalari, kuch-quvvatlari va salohiyatlari qo‘yilgan vazifalarni ijro etishga yetadi, insho Alloh».

Kiritildi: 12:55 17.12.2020. O'qildi: 4649 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!