Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukraina uchun qurol ishlab chiqarayotgan Yevropa korxonalari Moskva tomonidan potensial harbiy nishon sifatida ko‘rilishi mumkinligini bildirdi.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova 30 sentyabr kuni o‘tkazilgan brifingda bu haqda Polsha hududida Patriot raketalarini ishlab chiqarish imkoniyatiga oid savolga javob berar ekan ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina uchun qurol-yarog‘ ishlab chiqaradigan korxonalar Ukraina hududidan tashqarida joylashgani ularning xavfsizligini kafolatlamaydi. Zaxarova Yevropa davlatlarining Kiyevga harbiy yordamini mojaroga bevosita jalb bo‘lish sifatida baholadi. NATO va Yevropa davlatlari esa Ukrainaga harbiy yordamni Rossiya hujumidan himoyalanishga ko‘mak sifatida izohlab keladi.
Brifingda Moldova mavzusi ham ko‘tarildi. Zaxarova mamlakat qish mavsumiga yetarli darajada tayyor emasligini da’vo qilib, Kishinyov hukumatining energetika siyosatini tanqid qildi. U 1 sentyabrdan gaz tariflari 40 foizdan ortiq oshgani va 1 oktyabrdan yana 30 foizlik o‘sish rejalashtirilganini aytdi. Bu raqamlar Rossiya TIV vakilining bayonoti sifatida keltirilmoqda.
Shuningdek, Rossiya tomoni Moldova Ukraina uchun qurol va harbiy yuklar tranzitida foydalanilayotgani haqida da’vo qildi. Bu bayonot bo‘yicha mustaqil tasdiqlangan dalillar hozircha ochiq manbalarda keltirilmagan.
Zaxarova Rossiya va Belarus o‘rtasidagi transport aloqalariga ham to‘xtaldi. 1 oktyabrdan Minsk — Moskva yo‘nalishidagi "Lastochka" poyezdlarining "Moskva-Siti" bekatida to‘xtashi jadvalga kiritilgan.