Xitoyning sun’iy intellekt ishlab chiqaruvchisi Moonshot kompaniyasi ichki tekshiruv boshladi. Bunga Mindgard kompaniyasi tadqiqotchilari Kimi’ning ikki mashhur modeli xavfsizlik cheklovlarini aylanib o‘tishi mumkinligini aniqlagani sabab bo‘ldi.
Mindgard sun’iy intellekt tizimlarining xavfsizligini sinovdan o‘tkazish bilan shug‘ullanadi. Kompaniya vakillari BBC’ga ma’lum qilishicha, ularning mutaxassislari iyul oyida Kimi K2.6 va K3 Swarm modellarida xavfsizlik cheklovlarini chetlab o‘tish imkoniyatini aniqlagan.
Ushbu zaiflik «jeylbreyk» deb ataladigan usul orqali aniqlangan. Bunda tadqiqotchilar murakkab ko‘rsatmalar ketma-ketligi yordamida sun’iy intellektni ishlab chiquvchilar tomonidan o‘rnatilgan xavfsizlik cheklovlarini e’tiborsiz qoldirishga undashga harakat qiladi.
Mindgard ma’lumotiga ko‘ra, mazkur modellarning himoya mexanizmlari potensial xavfli mavzular muhokama qilinishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi.
Kompaniya tadqiqotchilari esa ushbu cheklovlarni aylanib o‘tib, modellardan biologik qurol yaratish va odam o‘ldirish usullari haqida ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lganini bildirgan.
Moonshot hozirda mazkur holat bo‘yicha ichki tekshiruv o‘tkazmoqda.