Moldovadan bir tomonlama tartibda mustaqillik e’lon qilgan Dnestrbo‘yi hududida 1 yanvardan Ukraina orqali Rossiya gazi tranziti to‘xtatilishi ortidan energetika inqirozi yuzaga keldi.
Moldova hukumati Dnestrbo‘yiga yordam taklif qilgan, lekin tan olinmagan respublika amaldorlari bu ko‘makni rad etishmoqda va bu vaziyat mahalliy aholini xavotirga solyapti.
"Bugun biz Dnestrbo‘yida yashovchi aholining bir kunda bir necha soatgacha elektr energiyasiz qolib ketayotganini, isitish va eng muhimi, gaz ta’minoti yo‘qligini ko‘rmoqdamiz. Bugundan boshlab hatto ichimlik suvi ta’minotida uzilishlar boshlandi", – deya ma’lum qildi Moldova bosh vaziri Dorin Rechan.
Kishinyov gaz bilan bog‘liq vaziyatni Rossiyaning manipulyasiya va targ‘ibot rejasining bir qismi deb atamoqda. Bosh vazir Dorin Rechan Rossiyani mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida mintaqada gumanitar inqirozni keltirib chiqarayotganlikda aybladi.
Moldova hukumatining fikricha, Rossiya Dnestrbo‘yida o‘z harbiy ishtirokini kuchaytirishdan manfaatdor. Ukraina bilan chegaradosh bo‘lgan ushbu mintaqada ayni paytda 1500 ga yaqin rus askari bor.