26 dekabr kuni Misr poytaxti Qohiradagi kasalxonalardan birining reanimasiya bo‘limida yong‘in kelib chiqdi. Oqibatda, bu bo‘limda koronavirusdan davolanayotgan yetti nafar bemor vafot etdi.
Mahalliy polisiyaning xabar qilishicha, ushbu yong‘inda kamida besh kishi jarohat oldi. Yaradorlar va boshqa bemorlar yaqin atrofdagi shifoxonalarga evakuasiya qilingan.
Hozirda polisiya va prokuratura yong‘in sabablarini tekshirmoqda. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, yong‘in elektr tokining qisqa tutashuvi sabab yuzaga kelgan.
So‘nggi paytlarda Misrda koronavirusga chalinish bo‘yicha yangi holatlar keskin oshib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 dekabr kuni mamlakat bo‘ylab 1113 kishining koronavirusga chalinganligi va yana 49 kishining vafot etganini xabar qildi. Bu Misrda koronavirus bo‘yicha kunlik rekord natija hisoblanadi. Hozirda Misrda COVID-19 ga chalinganlarning umumiy soni 130 126 tani, qurbonlar soni esa 7309 tani tashkil qilmoqda.