Ijtimoiy tarmoq sahifalarida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 148-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi tomonidan o‘quvchini urgan holati bo‘yicha xabarlar tarqaldi.
Mazkur holat tuman hokimligi hamda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganildi. Unga ko‘ra, maktabda joriy yil davomida o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida bepul «Harbiy-sport to‘garagi» tashkil etilgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan tasvirlarda aks etgan jarayonda ushbu maktabning 9-sinf o‘quvchisi A.A. tomonidan 4-sinf o‘quvchisi P.Dni urgan holati aks ettirilgan. Bugungi kunda P.D.ning salomatligiga hech qanday zarar yetmagan, sog‘lom.
Holat bo‘yicha tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mas’ullari tomonidan «Harbiy-sport to‘garagi» faoliyati tugatildi. O‘quvchilarning o‘zaro munosabatlari to‘g‘risida o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Tuman voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha komissiya xulosasiga asosan ish olib borilishi ta’kidlab o‘tildi.