O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qisqa muddatli ta’tilga chiqqani haqida xabar bergan edik.
Bu Shavkat Mirziyoyevning Bosh vazirlik va Prezidentlikdagi ilk ta’tili ekani ta’kidlanyapti. Ya’ni, Shavkat Mirziyoyev 17 yil ichida – 14 yil Hukumat rahbari va 3 yil davlat rahbari sifatida biror marta ta’tilga chiqmagan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 4-moddasiga binoan, Prezidentga muddati 36 ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan ta’til beriladi.
Yana bir jihat borki, u barchada qiziqish uyg‘otadi. Prezident ta’tilda bo‘lganida uning vazifasini kim bajaradi. Konstitusiyaning O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti to‘g‘risidagi XIX bobida davlat rahbarining ta’tili haqida biror band keltirilmagan.
"Qalampir.uz"ga ko‘ra, bobdagi 96-moddada O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o‘z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatilishi belgilangan, xolos.
Ma’lumot uchun, Shavkat Mirziyoyev 2003 yil 13 dekabrdan 2016 yil 14 dekabrgacha Bosh vazir sifatida faoliyat yuritgan. 2016 yilda o‘tkazilgan saylovlar natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidenti bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir bo‘lishdan avval Samarqand va Jizzax viloyatlariga hokimlik qilgan.