Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyatdan kelib chiqib hudud va tarmoqlarni rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Prezident mart oyi boshida kuzatilgan shakarga “ajiotaj” mavzusiga to‘xtaldi.
Ayrim hududlarda shakar narxi asossiz oshgan. Ayniqsa Jizzax, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida mavjud zaxiralar o‘z vaqtida tarqatilmagani sababli, shakar narxi keskin oshgan.
“Savol tug‘iladi. Ushbu hududlarning hokimlari va prokurorlari qayoqqa qaragan?”, dedi Prezident.
Shuning uchun viloyat, shahar va tuman hokimlari har kuni o‘z hududidagi oziq-ovqat, ayniqsa un, shakar va yog‘ning narxini joylarda yurib o‘rganadi va barqarorlikni ta’minlash uchun tezkor tadbirlarni ko‘rib boradi.
Ayniqsa kirib kelayotgan Ramazon oyida narxlarning barqarorligini ta’minlash uchun tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatib, naxrlarni arzonlashtirish bu ulug‘ ayyom kunlarida katta savob ekanligini barcha tadbirkorlarga tushuntirishlari kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Respublikaga chetdan bug‘doy, o‘simlik yog‘i va shakarni olib kelish bo‘yicha barcha masalalar hal qilib berilgani, endi buni aql bilan samarali tashkil etish kerakligi ta’kidlandi.