O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkilot raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov nomidan bir qator taniqli sportchilar hamda sport hamjamiyati vakillariga feyk xabarlar yuborilayotgani va bu firibgarlikka urinish ekanini ma’lum qildi.
«So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov nomidan bir qator taniqli sportchilar hamda sport hamjamiyati vakillariga xabarlar yuborilayotgani kabi holatlar uchramoqda.
Ushbu xabarlar feyk akkauntlar tomonidan tarqatilmoqda va bu firibgarlikka urinish hisoblanadi.
Shuni ma’lum qilamizki, o‘zbek sportiga oid barcha xabar va bayonotlar faqatgina O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining rasmiy axborot resurslari yoki federasiya hamda assosiasiyalar orqali e’lon qilinadi.
Shu munosabat bilan bunday xabarlarga ishonmaslik, ularga javob bermaslik, shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etmaslik hamda shubhali akkauntlarni zudlik bilan bloklab, ularga nisbatan shikoyat yuborishingizni so‘raymiz», - deyiladi Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.