Qonuniy nikohda bo‘la turib, 2021 yildan beri bir nafar voyaga yetmagan farzandi uchun aliment to‘lash majburiyatidan qochib,bolasi ta’minotidan bo‘yin tovlab yurgan shaxs ushlandi.
MIBning Angren shahar bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining sud ijro varaqasiga asosan qarzdor N.K. dan, undiruvchi O.K. foydasiga bir nafar farzandi ta’minoti uchun aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati mavjud bo‘lib, qarzdor aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlagan va majburiyatdan qochib yurgan.
Byuro xodimlari tomonidan qo‘yilgan qat’iy talablarga qaramay qarzdor 3 yil davomida muayyan yashash joyiga kelmay, berkinib yurgan.
2021 yilning oktyabr oyida unga nisbatan qonunning tegishli moddasiga asosan qidiruv e’lon qilingan. Byuroning Toshkent viloyati boshqarmasi qidiruv shu’basi xodimlari tomonidan olib borilgan qidiruv tadbirlari davomida joriy yilning 19 noyabr kuni qarzdor Angrendagi dala hovlilaridan birida ushlangan va davlat ijrochisiga topshirilgan.
Qidiruvdagi qarzdorning alimentdan bo‘lgan qarzdorligi 2021 yildan 2024 yil noyabr oyiga qadar jami 63 mln 301,8 ming so‘m hisoblangan.
Unga nisbatan qonun talablari asosida tegishli hujjatlar to‘planib, ish hujjatlari Jinoyat ishlari bo‘yicha Angren shahar sudiga yuborilgan va sudning qarori asosida qarzdor nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.