Lionel Messining Argentina milliy terma jamoasi safidagi xayrlashuv uchrashuvi oldidan tashkiliy masalalar bilan bog‘liq noroziliklar paydo bo‘ldi.
Argentinalik hujumchi yaqin kunlarda «Monumental» stadionida «albiseleste» libosida so‘nggi bor maydonga tushishi kutilmoqda. Biroq Goal nashri ma’lumotiga ko‘ra, Beninga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik jarayoni mehmon jamoaning e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Benin delegasiyasi, xususan, Argentinaga yetib kelish va joylashish sharoitlaridan qoniqmagan.
Bunday holat avval ham kuzatilgan. Burkina-Faso terma jamoasi futbolchilari Argentina tomoni taklif etgan ekonom-klass reysida Buenos-Ayresga uchishdan bosh tortgan edi. Natijada asosiy tarkib o‘rniga U-23 jamoasi maydonga tushgan.
Manbaga ko‘ra, burkina-fasoliklarning noroziligi uzoq safar uchun yaratilgan sharoitlar hamda o‘yinda ishtirok etganlik uchun qo‘shimcha to‘lov masalasi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Endi Benin tomoni ham shunga o‘xshash muammolarni ko‘tarmoqda. OAV xabarlarida aytilishicha, delegasiya Argentinaga yetib borish uchun ekonom-klassda qariyb 23 soat yo‘l bosgan.
Bundan tashqari, jamoa joylashgan mehmonxonada ham bir qator kamchiliklar kuzatilgani aytilmoqda. Xususan, qavatlardan birida issiq suv bo‘lmagan, sauna ishlamagan va futbolchilarning mashg‘ulot o‘tkazishi uchun yaratilgan sharoitlar talab darajasida bo‘lmagan.
Shu tariqa, Messining milliy jamoadagi ehtimoliy so‘nggi uchrashuviga bo‘lgan katta qiziqish fonida bahs tashkilotchiligi bilan bog‘liq e’tirozlar ham kun tartibiga chiqmoqda.