Bugun 3 mart, 2026 yil, seshanba

КИР

Messi va Yamal to‘qnashuvi bo‘ladimi? Finalissima o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan shaharlar ro‘yxati ma’lum

Messi va Yamal to‘qnashuvi bo‘ladimi? Finalissima o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan shaharlar ro‘yxati ma’lum

Mart oyi oxirida o‘tkazilishi rejalashtirilgan Finalissima uchrashuvi Qatarda davom etayotgan nizolar tufayli jiddiy xavf ostida qoldi. Mavjud vaziyat nafaqat tashkiliy masalalarda, balki Ispaniya va Argentina terma jamoalari delegasiyalarining xavfsizligi nuqtai nazaridan ham xavotir uyg‘otmoqda.

Qatar futbol assosiasiyasi mamlakat hududidagi barcha turnir va o‘yinlar qoldirilishini e’lon qildi, bu esa bo‘lajak uchrashuv taqdirini so‘roq ostida qoldirdi. Shu bilan birga, FIFA, UYEFA va KONMEBOL hozircha yakuniy qaror qabul qilgani yo‘q va beqaror vaziyatda kutish pozisiyasini ma’qul ko‘rishmoqda.

Aslida, Finalissima 27 mart kuni "Lusail" stadionida bo‘lib o‘tishi kerak edi — aynan shu yerda Lionel Messi 2022 yilda Jahon kubogini boshi uzra baland ko‘targandi. Bundan tashqari, Ispaniya va Argentina "Qatar Football Festival 2026" tadbirida ishtirok etishi rejalashtirilgan edi: argentinaliklar Qatar bilan, ispaniyaliklar esa Misr bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi lozim edi. Messi jamoasi va tarkibida Lamin Yamal to‘p surayotgan Ispaniya terma jamoasi o‘rtasidagi o‘yin uchun chiptalar allaqachon sotib bo‘lingan, bu esa tashkilotchilar ustidagi bosimni yanada oshirmoqda.

Ispaniya OAVlarining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘yin ko‘chirilgan taqdirda muqobil variantlar sifatida London, Mayami, Rim, Madrid va Parij shaharlari ko‘rib chiqilmoqda. Muzokaralar davom etmoqda va yakuniy qaror yaqin kunlarda qabul qilinishi kutilyapti.

Uchrashuvni Dohada qoldirish g‘oyasidan asta-sekin voz kechilmoqda, ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan Jahon chempionatini hisobga olganda. Shu bilan birga, har ikki federasiya o‘yinning dastlabki sanasini saqlab qolishni talab qilmoqda, chunki xalqaro taqvimda uchrashuvni boshqa muddatga ko‘chirish uchun bo‘sh vaqtning o‘zi yo‘q.

Kiritildi: Bugun 19:25. O'qildi: 277 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!