Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

"Meni zo‘rlashdi", deb tuhmat qilgan andijonlik kelinchakka qanday jazo berildi?

"Meni zo‘rlashdi", deb tuhmat qilgan andijonlik kelinchakka qanday jazo berildi?

Xabaringiz bor, joriy yilning 2021 yil 13 may kuni Andijon viloyati Andijon tumani «Qoraqalpoq» MFY hududidagi Zaripak ko‘chasida joylashgan dala shiyponida besh nafar erkak 18 yoshli kelinni zo‘rlagani va jabrlanuvchi qonunbuzarlarga nisbatan chora ko‘rilishini so‘rab murojaat qilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

"Meni zo‘rlashdi", deb tuhmat qilgan andijonlik kelinchakka qanday jazo berildi?

Mazkur jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslar ham darhol tergovga jalb qilindi. Tabiiyki, bu voqea xalqimizning g‘azab va nafratiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu voqea keng muhokama qilindi. Bu orada ba’zi fuqarolar hamda blogerlar vakolatli idoralar tomonidan tasdiqlanmagan, asossiz, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan, vahima chiqarishga qaratilgan ma’lumotlarni tarqatishdi.

Ayrim blogerlar mustaqil ravishda o‘z surishtiruv ishlarini olib borishdi. Bu esa tergov harakatlariga xalaqit berdi, xolos. Aksariyat fuqarolar kelinchakni zo‘rlagan besh nafar erkakka jazo berilishini talab qilishdi. Ayrimlar esa ayb kelinchakning o‘zida ekanligini aytishdi.

Mazkur holat yuzasidan tezkor Andijon tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlarini har tomonlama to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida, Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasining malakali tergovchisi ish yurituviga o‘tkazilgan va tergov guruhi tuzildi. Tergov harakatlari Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida nazoratga olindi. Oliy Majlis Senati ham bunga befarq qarab turmadi. Mazkur holat Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan ham nazoratga olindi. Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov holatni nazoratiga olib, 5 oylik kelinchakning zo‘rlanishi borasida rasmiy munosabat bildirdi.

Jinoyat kodeksining 118-moddasi 1-qismi (nomusga tegish) moddasi bo‘yicha olib borilgan tergov yakunida yetgach, kutilmaganda vaziyat 180 darajaga o‘zgarib ketdi – yosh kelinchak aslida zo‘rlanmagani, o‘tkazilgan tergov harakatlari davomida ayolni zo‘rlagan deb aytilgan 5 nafar erkak voqea sodir bo‘lgan kuni hodisa joyida umuman bo‘lmaganliklari aniqlandi. Xo‘sh, kelinchakni yolg‘on gapirishga nima majbur qildi? Ushbu voqea qanday yakun topdi? Tuhmat qilgan kelinchakka nisbatan qanday chora ko‘rildi?

Ushbu savollarga javob topish maqsadida “Zamon.uz” Andijon viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi bilan bog‘landi. Berilgan ma’lumotlarga qaraganda, xozirda ayolni yolg‘on gapirishga nima majbur qilgani sabab va tafsilotlari bo‘yicha hamon tergov harakatlari davom etayotganligi, tuhmat qilgani va yolg‘on ma’lumot bergani uchun chora ko‘rish masalalari ko‘rib chiqilmoqda. Tergov harakatlari davom etyapti. Tez orada bu bo‘yicha batafsil rasmiy bayonot berilishi ma’lum qilindi.

Eslatib o‘tamiz:

Tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan tarzda, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikasiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog‘ida joylashtirish orqali tuhmat qilish, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

Tuhmat:

a) og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab;
b) og‘ir oqibatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan holda;
v) xavfli residivist tomonidan;
g) g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa;
bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatdan to‘rt yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 139-moddasi.

Kiritildi: 15:28 11.06.2021. O'qildi: 17811 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!