Bugun 28 avgust, 2025 yil, payshanba

КИР

Mehnat muhofazasining dolzarb masalalari

Mehnat muhofazasining dolzarb masalalari

Mehnat muhofazasi – bu xodimlarning mehnat faoliyati jarayonida hayoti va salomatligini saqlashga qaratilgan ijtimoiy-huquqiy, tashkilkiy, texnik va gigiyenik choralar majmuasidir. O‘zbekiston Respublikasida bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, uning asosiy tamoyillari Mehnat kodeksi, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun hamda Prezident farmon va qarorlarida belgilab qo‘yilgan. Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev o‘z nutqida: “Inson qadri, uning hayoti va salomatligi biz uchun hamisha birinchi o‘rinda turadi. Har bir ish joyida xavfsizlik choralari eng asosiy talab bo‘lmog‘i lozim.” – deya ta’kidlab kelmoqda.

Ushbu fikrlar oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga ham bevosita daxldor. Chunki ta’lim sifatini oshirish, yoshlar salomatligini muhofaza qilish — kelajak taraqqiyotini kafolatlaydi.

Oliy ta’lim muassasalari, xususan, Toshkent davlat yuridik universitetida ham mehnat muhofazasi nafaqat xodimlar, balki talabalar uchun ham dolzarb hisoblanadi. Chunki universitetda o‘quv jarayoni, ilmiy-tadqiqot ishlari, kutubxonadagi faoliyat xavfsizlik talablariga qat’iy amal qilinishiga taqozo etadi.

Bugungi kunda mehnat muhofazasining asosiy masalalari quyidagilardan iborat:

  • Xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash — ish joylarida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi, yong‘in xavfsizligi choralarini ko‘rish;

  • Sog‘liqni saqlash va gigiyena — xodimlarning mehnat qobiliyatini saqlash uchun sanitariya-gigiyena talablariga rioya etish;

  • O‘quv va ishlab chiqarish jarayonida xavfsizlik — tajriba-sinov ishlari, kutubxona va axborot-resurs markazlaridan foydalanishda xavfsizlik;

  • Psixologik muhitni sog‘lomlashtirish — jamoada sog‘lom muhit yaratish, stress va zo‘riqishlarning oldini olish;

  • Huquqiy madaniyatni oshirish — talabalar va xodimlarga mehnat huquqi va muhofazasi bo‘yicha bilim berish.

Toshkent davlat yuridik universiteti – yurtimizda yuridik kadrlar tayyorlaydigan yetakchi oliy o‘quv yurti sifatida mehnat muhofazasi masalalariga alohida e’tibor qaratadi. Universitetda ish beruvchi hamda Kasaba uyushmasi o‘rtasida “Jamoa shartnomasi” hamda bir nechta mehnatni muhofaza qilishga doir ichki hujjatlar qabul qilingan. Xususan, Jamoa shartnomasining 8-bobi ham aynan “Mehnatni muhofaza qilish” deb nomlangani bejiz emas. Mazkur bobga ko‘ra:

Ish beruvchi:

  • Xodimlarni ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan qonun hujjatlari talablariga muvofiq holda sug‘urta qiladi;

  • Ro‘yxati keltirilgan xodimlarni bepul maxsus kiyim, poyabzal va boshqa shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlaydi;

  • Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qishlarini ta’minlaydi va ularning bilimlarini tekshirib turadi;

  • Ro‘yxatda keltirilgan xodimlarni dastlabki tarzda va keyinchalik vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil qiladi;

  • Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha belgilangan tadbirlarni amalga oshiradi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi esa:

  • Ish joyida betob bo‘lib qolgan xodimlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatishga ko‘maklashadi;

  • Ish beruvchiga xodimlarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishda yordam beradi;

  • Xodimlar uchun umumiy ovqatlanish joylarida yaratilgan shart-sharoitlar ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

  • Xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yuzasidan turli sport musobaqalarini tashkil etadi;

  • Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga ko‘maklashish asoslari to‘g‘risidagi 187-sonli Konvensiyasiga og‘ishmay rioya etishi belgilangan.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, bugungi kunda universitetda xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilgan bo‘lib, ishxonalarida yong‘in xavfsizligi jihozlari, favqulodda chiqish yo‘llari mavjud; Talabalar salomatligi uchun tibbiyot punkti faoliyat ko‘rsatadi, muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil etiladi. Shuningdek, universitet xodimlarining salomatliklarini tiklash uchun universitet Kasaba uyushmasi hamda poytaxtimizda joylashgan “Clinic Pro” xususiy klinikasi bilan o‘zaro shartnoma tuzilgan bo‘lib, bunda har oyda 20-30 nafar xodimlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib kelinmoqda. O‘quv jarayonida xavfsizlik – ayniqsa kompyuter sinflarida, kutubxona va sport majmuasida texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilinadi. Psixologik xizmat yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalar va o‘qituvchilarga ruhiy ko‘mak ko‘rsatiladi. Huquqiy targ‘ibot – “Mehnat muhofazasi”, “Mehnat huquqi” fanlari doirasida talabalar ushbu yo‘nalishda chuqur bilim oladilar.

TDYUU misolida ko‘rish mumkinki, mehnat muhofazasi nafaqat ishlab chiqarish korxonalarida, balki ilmiy va ta’lim muassasalarida ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. Mehnat muhofazasi — bu jamiyat taraqqiyotining ajralmas qismi. Oliy ta’lim muassasalarida xavfsiz mehnat va ta’lim sharoitlarini yaratish nafaqat xodimlar, balki talabalar uchun ham katta ahamiyatga ega.

Demak, mehnat muhofazasining dolzarb masalalariga e’tibor qaratish — har bir insonning hayoti, salomatligi va ta’lim sifati uchun zamin yaratadi. TDYUU bu borada o‘z tajribasi bilan boshqa oliy ta’lim muassasalariga ham o‘rnak bo‘lishi mumkin.

Shohzodjon Otamurodov,
Toshkent davlat yuridik universiteti tyutori

Kiritildi: 17:11 25.08.2025. O'qildi: 472 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!