Bugun 27 mart, 2026 yil, juma

КИР

“Media haftalik”: mamlakatimizda yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda

“Media haftalik”: mamlakatimizda yilning eng yirik media loyihasi start olmoqda

Global axborot makonidagi shiddatli o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar va sun’iy intellektning rivojlanishi, feyk xabarlar oqimi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha yondashuvlarni talab etmoqda. Shu maqsadda respublikamizda yilning eng yirik va muhim ta’limiy-amaliy loyihasi — jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblarini yagona platformada birlashtiruvchi “Media haftalik” o‘z ishini boshladi.

Kontent markazi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur loyiha butun respublikamizdan qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab oladi. Joriy yilning 30 martidan 26 iyuniga qadar har bir hududda 5 kunlik intensiv o‘quv-seminarlar va mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Dasturda nazariya va amaliyot birlashadi: asosiy urg‘u haqiqiy tajriba ortirishga qaratilgan. Mamlakatimiz eng yetakchi media-ekspertlari, muharrir va prodyuserlari ishtirokida kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikasiyalar kabi muhim mavzular bo‘yicha treninglar olib boriladi.

Mashg‘ulotlar telejurnalistlar, bosma nashrlar, blogerlar va davlat idoralari matbuot kotiblari uchun alohida yo‘nalishlarda o‘tkaziladi. Bilimlarini oshirgan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

O‘zbekiston bo‘ylab harakatlanuvchi mazkur media-estafetaning ilk bosqichi 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida boshlanadi. Darslar davomida ishtirokchilar real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangicha yondashuvlarni shakllantirish imkoniga ega bo‘ladi. Spikerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tavsiyalar beradi.

Haftalik yakunida hududdagi soha vakillarini qamrab oluvchi yirik Media forum tashkil etiladi.

Loyihada ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar Yoshlar ishlari agentligining hududiy boshqarma va bo‘limlariga murojaat qilishlari mumkin.

Media haftalik quyidagi sanalarda hududlar kesimida tashkil etiladi:

• 30 mart – 3 aprel: Qoraqalpog‘iston Respublikasi;
• 6 aprel – 10 aprel: Xorazm viloyati;
• 13 aprel – 17 aprel: Surxondaryo viloyati;
• 20 aprel – 24 aprel: Qashqadaryo viloyati;
• 27 aprel – 1 may: Samarqand viloyati;
• 4 may – 8 may: Navoiy viloyati;
• 11 may – 15 may: Buxoro viloyati;
• 18 may – 22 may: Farg‘ona viloyati;
• 25 may – 29 may: Namangan viloyati;
• 1 iyun – 5 iyun: Andijon viloyati;
• 8 iyun – 12 iyun: Jizzax viloyati;
• 15 iyun – 19 iyun: Sirdaryo viloyati;
• 22 iyun – 26 iyun: Toshkent viloyati va Toshkent shahri.

Kiritildi: Bugun 17:40. O'qildi: 247 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!