Bugun 14 may, 2026 yil, payshanba

КИР

Maymoqlik kasalligining belgilarini bilasizmi?

A A A
Maymoqlik kasalligining belgilarini bilasizmi?

Bolalarda ko‘p uchraydigan ortopedik xastaliklardan biri maymoqlik hisoblanadi. Ushbu kasallikning belgilari, tashhislash usullari qanday? Uni davolash uchun nima qilish kerak? SSV matbuot xizmatining shu kabi savollariga Sog‘liqni saqlash vazirligining Bolalar travmatologiya  va ortopediyasi bo‘yicha bosh maslahatchisi Abduxalil XUDJANOV javob berdi.  

—  Maymoqlikning tashxislash usullari qanday?

—  Ushbu xastalik diognostikasi murakkab emas. Agar bolada to‘g‘ma maymoqlik mavjud bo‘lsa, tug‘ruqxonaning o‘zidayoq ilk alomatlarini ilg‘ash mumkin. Ya’ni malakali doyalar chaqaloq oyoqlarining tuzilishidan kelib chiqib ortoped ko‘rigini tavsiya etishadi. 

Tug‘ruqxonadan chiqqach, roppa rosa bir oydan so‘ng bolani ortoped-shifokorga olib borgan ma’qul. Mutaxassis maymoqlikning turi va darajasini aniqlab, avvaliga davolash gimnastikasi hamda uqalash mashqlarini tavsiya etadi. Shu tariqa bolakayni gips qo‘yishga bosqichma-bosqich tayyorlab borish lozim, chunki  dabdurustdan gips qo‘yish kutilgan natijani bermasligi mumkin.

Maymoqlik uch asosiy belgiga ko‘ra tasdiqlanadi: supinasiya — oyoq panjasining o‘z o‘qi atrofida aylanishi, ekvinus – oyoq panjasining pastga tushishi hamda oyoq oldi qismining ichkariga tomon burilishi. 

Mana shu alomatlar birgalikda namoyon bo‘lsagina maymoqlik tashxisi qo‘yiladi. Oyoqni ichkari tarafga burib qadam tashlash boladagi raxit alomati  yoxud tizza, son-chanoq patologiyasidan darak bo‘lishi ham mumkin. 

—  Maymoqlikning qanday shakllari bor? 

— Maymoqlikning tug‘ma shaklidan tashqari ikkilamchi ko‘rinishi ham mavjud. Bu, asosan, nevrologik kasalliklar va jarohatdan keyingi noto‘g‘ri suyak bitishi asoratidir. Maymoqlik har ikki yoki bir oyoqda bo‘lishi mumkin. Shuni yoddan chiqarmaslik kerakki, hatto ikki tomonlama maymoqlikda ham bolakay to‘liq sog‘ayib ketadi!

 Davolash gimnastikasi va uqalash muolajalaridan so‘ng oyoq suyagi gips bog‘lamini qo‘yishga tayyor hisoblanib, asosiy muolaja boshlanadi. Avvaliga gips bog‘lami har haftada bir marotaba almashtirib turiladi. Ba’zi bolalarda gips muolajasi bir ikki oy qo‘llansa, ayrim bemorlar uchun olti-etti oy kerak bo‘ladi. 

Bu bolaning organizmi, kasallik darajasi va qolaversa, ota-onaning parvarishi, e’tiboriga bog‘liq. Gips bog‘lami bosqichma-bosqich yangilab borilayotgan paytda muolajaning birortasini ham kechiktirish, o‘tkazib yuborish yaramaydi. Shuning uchun bunday paytda ota-onadan farzandi salomatligiga e’tiborliroq bo‘lish talab etiladi.

Kiritildi: 17:20 13.03.2021. O'qildi: 4166 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!