Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

Mast holda MIB xodimlarini haqoratlab, tahqirlagan buxorolik erkakka hukm o‘qildi

Mast holda MIB xodimlarini haqoratlab, tahqirlagan buxorolik erkakka hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi, sudya A.Jabborov raisligida sudlanuvchi Xolmurodov Sunnat (ismlar o‘zgartirilgan)ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudlanuvchi S.Xolmurodov, qasddan jinoyat sodir qilish yo‘liga o‘tib, o‘z xizmat burchini bajarish munosabati bilan bog‘liq holda jabrlanuvchining sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlab, haqorat qilish jinoyatini sodir qilgan.

Xolmurodov Sunnat spirtli ichimlik iste’mol qilgan holatda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro byurosi Buxoro shahar bo‘limida, o‘z xizmat vazifasini o‘tab turgan hokimiyat vakillari davlat ijrochilari Mustafoyev Dilshod Telmon o‘g‘li, Salimov Abdulaziz Ulug‘bekovich, Xaydarov Asilbek Azamjon o‘g‘li va Xamidov Adiz Baxromovichni xizmat xonalariga kirib, o‘zining da’vosi yuzasidan yuritilayotgan ijro ishi bo‘yicha qarzdor Mardonov Ozodbek Orifovichdan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘larni undirib berishni ta’minlay olmaganliklarini aytib, sha’ni va qadr-qimmatini kamsitib, haqorat qilgan.

S.Xolmurodov aybiga to‘liq iqrorlik bildirdi, majburiy ijro byurosining Buxoro shahar bo‘limi davlat ijrochisi D.Mustafoyev tomonidan ijro harakatlari qanday olib borilayotganini bilish maqsadida qo‘ng‘iroq qilganida, D.Mustafoyev uni majburiy ijro byurosi Buxoro shahar bo‘limiga kelishini aytgan, shundan so‘ng o‘g‘li Obidov Bexzod bilan birgalikda MIB Buxoro shahar bo‘limiga davlat ijrochisi D.Mustafoyevning xizmat xonasiga borgan. Shu vaqtda uning xonasida 4-5 nafar fuqarolik kiyimidagi D.Mustafoyevning hamkasblari xizmat xonasidagi o‘zlarining ish stollarida ishlab turgan. U MIB Buxoro shahar bo‘limiga spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda borgan va D.Mustafoyevning xizmat xonasiga kirib, uning oldiga borib, ijro ishi bo‘yicha qanday harakatlarni amalga oshirayotganini so‘ragan. Shunda D.Mustafoyev unga ijro ishi bo‘yicha qarzdorning nomida mol-mulki bo‘lmaganligi uchun qarzdorlikni undira olmasligini aytgan, agarda uning ijro ishini olib borishdan norozi bo‘lsa, tegishli joylarga murojaat qilishi mumkinligini tushuntirgan. Shunda ayblanuvchining jahli chiqib, D.Mustafoyevga ijro ishini qila olmasa, qila olmasligi to‘g‘risida yozma ravishda yozib berishni so‘ragan. D.Mustafoyev unga ijro ishini qila olmasligi to‘g‘risida yozib bermasligini aytgan va xizmat xonasidan telefon qilish maqsadida chiqib ketgan. Shundan so‘ng D.Mustafoyevning ish stoli yonidagi sherigi keyinchalik ismini bilgan A.Qahhorov unga qarata haqoratli gap aytgan, shundan so‘ng A.Qahhorov bilan bir-birlarini shaxsiyatiga tegadigan so‘zlar bilan haqorat qilgan. Shundan keyin boshqa ish stoliga o‘tirib, qo‘lidagi ruchkasi bilan qog‘ozga yozib turgan fuqarolik kiyimidagi D.Mustafoyevning hamkasbi keyinchalik bilishicha A.Haydarov qo‘lidagi ruchkasini unga qarata otgan.

Sud, sudlanuvchi S.Xolmurodovga nisbatan jazo tayinlashda uning muqaddam sudlanmaganligini, qarmog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, jabrlanuvchilarning unga nisbatan da’vosi yo‘qligi, oilaviy ahvolini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb hisobladi.

Sudlanuvchi Xolmurodov Sunnat Baxromovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 140-moddasi 3-qismining “a” bandi bilan aybli deb topildi va unga shu modda bilan 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, S.Xolmurodovga quyidagilar taqiqlandi:

- restoranlar, kafelar, barlar, klublar, diskotekalar, kinoteatrlarga bormaslik;

- ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;

-har oyda bir marotaba Buxoro shahar IIO FMBda ro‘yxatdan o‘tib turish, IIO FMBning roziligisiz yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik, tegishli ma’muriy hududdan, ya’ni Buxoro viloyatidan tashqariga chiqmaslik;

- alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik;

- kunning kech soat 21:00 dan ertalab soat 07:00 gacha yashash joyini tark etmaslik.

 

 

A.Jabborov , Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi sudyasi                                                            

 

 

Kiritildi: 17:06 11.06.2019. O'qildi: 1691 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!