Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro YPX inspektori talabini bajarmay, uni 40 metrgacha bo‘lgan masofaga sudrab ketgan.
O‘zbekiston IIVning xabariga ko‘ra, mazkur hodisa joriy yilning 21 dekabr kuni Sirdaryo viloyati Guliston tumanida sodir bo‘lgan. IIB YHXB xodimi Namuna ko‘chasida xizmat olib borayotib shu yerda harakatlanib kelayotgan mast holda bo‘lgan U.M. boshqaruvidagi VAZ-21063 rusumli avtomashinani to‘xtatib, undan tegishli hujjatlarini so‘ragan. Mast holdagi haydovchi faol qarshilik ko‘rsatib, avtoulovni haydab ketgan. Oqibatda avtomashina eshigini qo‘li bilan ushlab turgan xodimni taxminan 40 metr masofagacha sudrab borgan.
Natijada xodim jarohat olib kasalxonaga yotqizilgan. Haydovchisi U.M. qo‘lga olinib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Manba: uznews.uz