Milliarder va AQSh Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari Ilon Mask o‘zining ma’muriyatdagi vakolati muddati tugayotganini e’lon qildi va prezident Donald Trampga minnatdorchilik bildirdi.
"Maxsus davlat xizmatchisi sifatidagi vakolatim muddati tugayotgan bir paytda, ortiqcha xarajatlarga qarshi kurashish imkoniyatini bergani uchun prezident Donald Trampga minnatdorchilik bildirmoqchiman. DOGE missiyasi vaqt o‘tgan sayin mustahkamlanib boradi, chunki u davlat boshqaruvining barcha organlarida odatiy tartibga aylanadi", — deb yozdi Mask o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Avvalroq Mask CBS bilan suhbatda Trampning “katta va chiroyli” soliq hamda byudjet to‘g‘risidagi qonunidan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan edi. Mackning fikricha, bu qonun o‘zining davlat xarajatlarini kamaytirish borasidagi sa’y-harakatlarini zaiflashtiradi va byudjet taqchilligi oshishiga olib keladi.
Tramp prezidentlik lavozimini egallagach, Mask “maxsus davlat xizmatchisi” sifatida tayinlangan edi, bu unga yiliga 130 kun davlat uchun ishlash imkonini bergan. Agar 20 yanvar, inaugurasiya kunidan boshlab hisoblansa, bu muddat may oyining oxirida tugaydi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Mask ketishidan oldin Tramp bilan rasmiy suhbat o‘tkazmagan. Ularning aytishicha, bu qaror “eng yuqori darajada” qabul qilingan.
Aprel oyida Mask DOGE uchun haftasiga bir-ikki kun ajratib, ko‘proq o‘z kompaniyalarida ishlashni rejalashtirayotganini aytgan edi.