Amerikalik milliarder Ilon Mask AQSh Yevropada mudofaa xarajatlarini kamaytirishi kerakligini aytdi.
U o‘z fikrini X ijtimoiy tarmog‘ida o‘rtoqlashdi.
"Nega amerikalik soliq to‘lovchilar Yevropa mudofaa xarajatlarining chorak qismini moliyalashtirmoqda? Ayniqsa, bizning katta byudjet taqchilligi va barqaror qarz o‘sishini hisobga olsak, bu hech qanday ma’noga ega emas", - deb yozadi tadbirkor.
Mask AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida Vivek Ramasvami bilan birga hukumat samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi departamentga rahbarlik qilishi kutilmoqda.
Avvalroq Britaniyaning Financial Times gazetasi Tramp o‘z vakillari orqali ba’zi yevropalik NATO ittifoqchilarini mudofaa xarajatlarini YAIMning 5 foizigacha oshirishni talab qilish niyati haqida xabardor qilgani haqida xabar bergan edi.