Bugun 6 oktyabr, 2025 yil, dushanba

КИР

Markaziy bank uchta bankni jarimaga tortdi

Markaziy bank uchta bankni jarimaga tortdi

Qonunchilik talablariga amal qilmagani sababli uchta bankka nisbatan jami 2,5 trln so‘m jarima belgilandi. Bu safar regulyator jarimaga tortilgan banklarning nomlarini ochiq e’lon qildi.

O‘zbekiston Markaziy banki qonunchilik talablariga amal qilmagani sababli «TBC Bank», «Davr bank» va «Hamkorbank»ka nisbatan jami 2,5 trln so‘m jarima belgiladi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «Hamkorbank»ka 955 mlrd so‘m, «Davrbank»ka 931 mlrd so‘m, «TBC Bank»ka esa 615 mlrd so‘m jarima qo‘llandi.

Shuningdek, banklar tomonidan ortiqcha undirilgan mablag‘larni mijozlarga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. Hisobotda qayd etilishicha, «TBC Bank» mijozlarning to‘lovlari bo‘yicha ortiqcha hisoblangan 2,5 mlrd so‘m va sud qaroridan keyin qonunga zid ravishda hisoblangan 1,7 mlrd so‘m foizlarni qayta hisoblab, iste’molchilar foydasiga yo‘naltirishi shart qilingan.

«Davr bank» esa xorijiy valyutadagi kreditlar bo‘yicha ortiqcha hisoblangan 1,7 mlrd so‘m foizlarni, noqonuniy ushlab qolingan 1,9 mlrd so‘m mablag‘larni hamda garov mulkini taqiqa qo‘yish uchun undirilgan 461,6 mln so‘mni mijozlarga qaytarishi lozim.

«Hamkorbank»ka esa qonunchilikka zid ravishda kredit ajratish vaqtida undirilgan 19,2 mlrd so‘m, garov mulkini taqiqa qo‘yish va olib tashlash uchun undirilgan 1,5 mlrd so‘m hamda shartnomalarda nazarda tutilmagan 54,9 mln so‘m kommissiyalarni qaytarish vazifasi yuklatildi.

Markaziy bankning ta’kidlashicha, endilikda iste’molchilar huquqlari buzilgan holatlarda barcha moliyaviy tashkilotlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi va jamoatchilikka rasmiy axborot kanallari orqali doimiy ma’lumot berib boriladi.

Aytish joizki, Markaziy bank oxirgi oylarda banklarga jarimalar qo‘llab kelayotgan bo‘lsa-da, ularning nomlarini e’lon qilmagan edi. Masalan, iyun-iyul oylarida 23 ta bankka jarima berilgan, ammo qaysi bank ekanligi oshkor qilinmagan edi. Yangi amaliyot esa shaffoflikka xizmat qilishi kutilmoqda.

Kiritildi: 14:32 03.10.2025. O'qildi: 705 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!