Iqtisodiyotdagi yuqori iste’mol va investision faollik hamda ayrim turdagi tovarlar va xizmatlar taklifidagi o‘zgarishlar ta’sirida inflyasiyani oshiruvchi bosimlar saqlanib qolmoqda.
Inflyasiyaning barqaror pasayib borishi va o‘rta muddatda 5 foizlik target ko‘rsatkichiga erishishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini nisbatan qat’iy darajada saqlab qolish lozim bo‘ladi.
Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari va inflyasiya omillari bo‘yicha kutilmalardan kelib chiqib, Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
2024 yil sentyabr oyida umumiy inflyasiya yillik 10,5 foizni tashkil etib, III chorak davomida o‘zgarishsiz qoldi. Bazaviy inflyasiya dinamikasi yuqori iste’mol talabi, yoqilg‘i resurslari narxi va tariflarini erkinlashtirilishini xizmatlar narxlariga o‘tishi hamda ayrim turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi ta’sirida sentyabr oyida yillik 7,1 foiz doirasida shakllandi.
Meva va sabzavotlar o‘rtacha narxlarida pasayish dinamikasi davom etib, umumiy inflyasiyani pasaytiruvchi omillardan bo‘lmoqda. Oktyabr oyidagi haftalik kuzatuvlar iste’mol tovarlari narxlarining nisbatan barqaror bo‘lganligini va oylik o‘zgarish o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlardan past shakllanishini ko‘rsatmoqda.
Aholi va tadbirkorlarning inflyasion kutilmalari hamda inflyasiyaning joriy va prognoz darajasi o‘rtasidagi tafovut yuqoriligicha qolmoqda. Sentyabrda o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, aholining inflyasion kutilmalari 13,3 foizni, tadbirkorlarning kutilmalari esa 12,6 foizni tashkil etdi.
Joriy yilning so‘nggi choragida nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari ta’sirida inflyasion jarayonlarning ma’lum darajada pasayishi hamda yil yakunida umumiy inflyasiyaning
9,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
2024 yil yanvar-sentyabr oylarida iqtisodiyotning barcha asosiy tarmoqlarida kuzatilgan ijobiy o‘sish dinamikasi hisobiga yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi 6,6 foizni tashkil etdi. Investision faollikning yuqoriligi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy drayverlardan bo‘lmoqda.
Transchegaraviy pul o‘tkazmalarining o‘tgan yilga nisbatan yuqori sur’atlarda o‘sishi aholi daromadlarining oshishiga hissa qo‘shmoqda. Iqtisodiyotda o‘rtacha ish haqi va real daromadlarning o‘sib borishi iste’mol faolligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Jumladan, xizmatlar va chakana savdo sohalaridagi yuqori o‘sish sur’atlari kuchli iste’mol talabi shakllanayotgani bilan izohlanadi.
Iqtisodiy rivojlanishning ushbu tendensiyalaridan kelib chiqib, 2024 yilda YAIMning real o‘sishi 6,0-6,5 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda.
Pul bozori foiz stavkalari va davlat qimmatli qog‘ozlari daromadliligi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlari saqlanayotganligini aks ettirmoqda. Bank tizimidagi yuqori real foiz stavkalari aholining jamg‘arish faolligini oshirishda davom etmoqda. Kredit qo‘yilmalari o‘sishining mo‘’tadillashuvi va omonatlardagi yuqori o‘sish sur’atlari yalpi talabni muvozanatlashtirish va inflyasiyaga monetar omillar ta’sirini pasaytirish imkonini beradi.
Shu bilan birga, iqtisodiyotda inflyasiyani oshiruvchi, xususan, kelgusi choraklarda energiya resurslarining yetarli ta’minoti va narxining qisqa muddatli o‘zgarishi, ayrim tovarlar taklifida uzilishlar va xizmatlar narxining nisbatan yuqori darajalarini saqlanib qolishi bilan bog‘liq xatarlar yuzaga chiqishi mumkin.
Har qanday sharoitda ham Markaziy bank inflyasiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirishda davom etib, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi, inflyasion kutilmalar va tarkibiy islohotlar sur’atlariga alohida e’tibor qaratadi.
Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2024 yil 12 dekabrga belgilangan.