Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolar va tashkilotlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibiga oid qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Hujjat uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Qonunga ko‘ra, agar davlat organi yoki mansabdor shaxsning noqonuniy qarori, harakati yoki harakatsizligi natijasida moddiy yoki ma’naviy zarar yetkazilsa, uning o‘rni avval hududiy kompensasiya jamg‘armalari hisobidan qoplanadi.
Keyinchalik aybdor mansabdor shaxsdan ushbu mablag‘lar to‘liq miqdorda regress tartibida undirib olinadi.
Jamg‘armalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida tashkil etiladi.
Parlamentda ta’kidlanishicha, mazkur hujjat fuqarolarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari sabab yetkazilgan zarar uchun davlat tomonidan kompensasiya olish konstitusiyaviy huquqini kafolatlaydi. Shu bilan birga, aybdor mansabdor shaxs shaxsan javobgar bo‘ladi.