Bugun 20 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Mana shu odatlarni deb odam ko‘p kasal bo‘ladi

Mana shu odatlarni deb odam ko‘p kasal bo‘ladi

Odamlarning miyasiga kuzda har qanday kishi albatta shamollab qoladi, yozda esa meva-sabzavotlardan infeksiya yuqtirib olish oson degan fikr o‘rnashib qolgan. Biroq ayrim odatlardan voz kechib, ko‘pgina kasalliklarning oldini olish xayolga ham kelmaydi, deb yozadi «Xabar.uz».

Odam jamoat transportidan foydalanganda beixtiyor kafti bilan tutqich, suyanchiqdagi mikroblarni to‘playdi. Shundan so‘ng u shu qo‘li bilan yuzini, og‘zini ushlaydi. Toza qo‘l qoidasi bolalikdan barchaga uqtirib kelinsa-da, uni hamma ham bajaravermaydi.

Shuni ta’kidlash kerakki, metro vagonlari, avtobuslar har kuni tozalansa-da, mikroblarni yuqtirib olish ehtimoli baribir yuqori bo‘lib qolaveradi.

Bu jamoat hojatxonalari, bankomatlar, katta-katta idoralardagi eshiklarga ham taalluqli. Qo‘ldagi mikroblar sonini kamaytirish uchun ularni tez-tez yuvib turish kerak.

Shuningdek, havo-tomchi yo‘li orqali tarqaluvchi kasalliklarni ham e’tiborsiz qoldirish yaramaydi. Ishxonada hamkasbingiz shamollaganidan shikoyat qilsa, undan kasallikning yuqish xavfi yuqoriligini unutmaslik zarur. Ammo bu hamkasb bilan gaplashmaslik kerakligini anglatmaydi.

Faqat sal uzoqlashsangiz va muloqotdan so‘ng qo‘llarni yuvsangiz bas. Shifokorlar shunchaki oqar suvga qo‘llarni tutib turish kifoya qilmasligini, chunki mikroblarning bir qismi terida qolib ketishini ta’kidlashadi.

Qo‘lni yaxshilab yuvib, so‘ng chayish talab etiladi. Bakteriyalardan to‘liq qutulish uchun qo‘l yuvishga kamida yigirma soniya vaqt ajratish kerak.

Britaniyalik olimlarning ta’kidlashicha, odam soatiga 16 marta yuzini: qanshar, lab, burnini ushlaydi. Bunday vaziyatda viruslar qo‘ldan og‘iz va burun shilliq qavatlariga o‘tib ketadi. Shu bilan birga, yuzni ushlayverish terini yog‘lantirib yuboradi.

Kasallik yuqtirib olmayin desangiz, qo‘llarni yuzga kamroq olib boring. Bemor aksirganda og‘zini qo‘li bilan yopish tavsiya etilmaydi. Chunki bakteriyalar kaftlarga o‘rnashib olib, so‘ngra og‘izga tushishi mumkin. Bundan tashqari, kaftlarda yuqumli mikroblar bo‘lganda ular umumiy foydalanish buyumlari orqali boshqa odamlarga tarqaladi.

Kiritildi: 20:33 10.10.2019. O'qildi: 3872 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!