Malayziyada Islom sivilizasiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqovga mamlakatimiz madaniy merosiga oid tarixiy qo‘lyozmalarning faksimile nusxalari topshirildi. Bular: Abu Rayhon Beruniyning "At-Tafhim" va Abulqosim Firdavsiyning Temuriylar davrida ko‘chirilgan "Shohnoma" asarlari. Islom tafakkuri va sivilizasiyasi institutida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomidin Gadoyev ham ishtirok etdi.
Markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov qadimiy qo‘lyozmalar nusxalarini qabul qilish jarayoni haqida fikr bildirdi:
"Bugungi kunda O‘zbekistonda Prezidentimiz tashabbuslari bilan tarixiy merosimizni o‘rganish va insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bundan sakkiz yil muqaddam davlatimiz rahbari farmonlariga binoan O‘zbekistondagi Islom sivilizasiyasi markazi tashkil qilindi. Markazimizda O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk allomalarning jahon sivilizasiyasiga qo‘shgan hissasini aks ettirish, yurtimizda va xorijda saqlanayotgan O‘zbekistonga oid madaniy va ma’rifiy yodgorliklarni tadqiq etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, buyuk allomalarning jahon sivilizasiyasiga qo‘shgan hissasini o‘rganish hamda madaniy yodgorliklarni tadqiq qilish borasida faol ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun qabul qilingan qo‘lyozma nusxalari ham markazimiz ekspozisiyasini yanada boyitadi".
Bu qo‘lyozmalar Islom sivilizasiyasi markazining tarixiy ekspozisiyasida namoyish etilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yilning dekabr oyida Malayziyadagi Xalqaro Islom tafakkuri va sivilizasiyasi instituti xuzuridagi Islom sivilizasiyasi kutubxonasidan O‘zbekistonning madaniy merosiga oid tarixiy qo‘lyozmalar topilgani haqida xabar berilgandi.
Abu Rayhon Beruniy (973–1048) asarlari va ilmiy kashfiyotlari dunyo ilm-fani rivojiga katta hissa qo‘shgan. Uning 1197 yilda ko‘chirilgan "At-Tafhim" asari jahon ilm-fanida muhim manba sifatida e’tirof etilgan. Abulqosim Firdavsiyning "Shohnoma"si esa XV asrda Temuriylar davri kitobat san’ati an’analari asosida ko‘chirilgan. Asarda Kamoliddin Behzod miniatyura maktabiga xos elementlar aniqlangan.
Islom sivilizasiyasi markazi Axborot xizmati