Elisey saroyida Vladimir Zelenskiy va Olaf Shols bilan uchrashuvdan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakati Ukrainani Rossiya bilan urushda g‘alabaga yetaklash niyatida ekanini aytdi.
"Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlaymiz va uni g‘alabaga olib borish niyatidamiz. Ukraina buning uchun Fransiya va uning ittifoqchilariga tayanishi mumkin, ammo Rossiya bu urushda g‘alaba qozonmasligi kerak", — deya ta’kidladi u.
Fransiya prezidenti, shuningdek, Zelenskiyni Parij Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishda davom etishiga va Kiyev ehtiyojlariga moslashishiga ishontirdi.
Vladimir Zelenskiy bilan uchrashish uchun maxsus Parijga uchgan Germaniya kansleri Olaf Shols ham mamlakatining Ukrainaga yetarlicha harbiy yordam berishini tasdiqladi va fransuz hamkasbi kabi Rossiyaning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymaslik kerakligini ta’kidladi.
"Fransiya va Germaniya o‘zgarishlar qilish uchun salohiyatga ega. Ukraina uzoq masofaga otish uchun mo‘ljallangan qurollar va zamonaviy samolyotlarga qanchalik tez ega bo‘lsa, bizning koalisiyamiz shunchalik kuchli bo‘ladi", — deydi Ukraina prezidenti o‘z nutqida.